“Jamoatchilik nazorat maskanlari” nazoratga muhtoj

So‘nggi yillarda mamlakatimizda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida yangicha qarashlarga asoslangan amaliy ishlar olib borilmoqda. Shulardan biri, mahalla fuqarolar yig‘inlarida tashkil etilgan “Jamoatchilik nazorat maskanlari”dir.

Ma’lum bo‘lishicha, viloyatda 345 mahallada shu kabi nazorat nuqtalari tashkil etilgan. Ammo ular bugun qay darajada “ishlayapti?”.

Ochig‘i, ularning nima maqsadda tashkil etilganligini ayrim mahalla mas’ullarining o‘zlari yaxshi bilmaydi. Profilaktika inspektori u joyga umuman bormaydi (Yashash uchun xizmat uylariga bormagan, nazorat maskaniga borarmidi), yangi tashkil etilgan inspektor yordamchisi ahyon-ahyonda rasmga tushish uchun u yerda hozir-u nozir bo‘lib turadi, xolos. Boshqa vaqtda u maskan “jimlik maskani”ga aylanadi-qoladi.

Achinarlisi, ushbu maskanlarning doimo ochiq turishidan foydalanib, bekorchilar u yerda kunduz kunlari karta, narda o‘ynasa, bu joy ichkilikka ruju qo‘ygan kimsalarning kechasi tunaydigan joyiga aylanayotganiga nima deysiz?

Jamoat maskanlarining qay maqsadda tashkil etilgani hamda undan to‘g‘ri va samarali foydalanilmayotgani haqida o‘tgan yili Samarqand viloyatining «Zarafshon» gazetasida bir necha tanqidiy va tahliliy maqolalar chop etildi. Jumladan, 2018 yil 17 iyulda “Jamoatchilik nazorat maskanlari: viloyatda bu boradagi ahvol qoniqarlimi?”, 13 avgustda “Jamoatchilik nazorati maskanimi yoki savdo nuqtasi?”, 15 dekabrda “Jamoatchilik nazorat maskanlari ishlamayapti” sarlavhalari ostida e’lon qilingan maqolalarda mavjud kamchiliklar ochiq-oydin aytildi, keng jamoatchilik mushohodaga chorlandi, ammo natija kutilganidek emas.

To‘g‘ri, tizimni samarali tashkil qilib, mahallaga kirib-chiqayotgan fuqarolar, avtoulovlarni nazorat qilib, o‘z mahallasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda fidokorona xizmatlarini ayamayotgan mas’ullar talay. Ammo bu natijaning garovi degani emas-da.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda aksariyat jinoyatlar tunda va oilaviy nizolar oqibatida kelib chiqmoqda. Demak, kechki vaqtda sayoq yurgan fuqarolar, ayniqsa, yoshlarni o‘g‘rilik, talonchilik va qotillik jinoyatiga qo‘l urmasligi uchun mas’ul bo‘lgan yoxud xabardor bo‘lib turadigan maskanlarning ishi nega sezilmayapti?!

Demoqchimizki, bugungi kun jamiyati uchun o‘zgalar tashvishi bilan yashaydigan, jonajon Vatanimizning nurli istiqboli yo‘lida fidokorona xizmat qiladigan, yon atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga o‘zining hamda atrofdagilarning e’tiboriga qarata oladigan faol fuqarolik pozitsiyasiga ega fuqarolar kerak. Agar yuqoridagi xislatlarimizni o‘zimizda shakllantirmas ekanmiz, “Jamoatchilik nazorat maskanlari” nazoratga muhtoj bo‘lib qolaveradi.

Quyida viloyatning tuman va shaharlarida millionlab mablag‘lar evaziga tashkil qilinib, bugun bo‘sh turgan “Jamoatchilik nazorat maskanlari”dan ayrimlarini keltiramiz. Suratga e’tibor bilan qarab, xulosani o‘zingiz chiqaring.

Samarqand shahridagi Chashma mahallasi.
Kattaqo‘rg‘on shahridagi Qori ravot mahallasi.

Bulung‘ur tumani Gulzor mahallasi.

Ishtixon tumani Fayzobod mahallasi.

Kattaqo‘rg‘on tumani Alisher Navoiy nomli mahalla.

Qo‘shrabot tumani Zarkent mahallasi.

Narpay tumani Sarbozor mahallasi.

Nurobod tumani Amir Temur mahallasi.

Oqdaryo tumani Pichoqchi mahallasi.

Payariq tumani Gulzor mahallasi.

Past Darg‘om tumani Sazag‘on mahallasi.

Samarqand tumani Oqmachit mahallasi.

Toyloq tumani Birlik mahallasi.

Urgut tumani Guliston mahallasi.

Paxtachi tumani Jahonobod mahallasi.

G‘ofurjon BOBOBEKOV,

 O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi bosh mutaxassisi.