Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jismoniy tarbiya faqat 1-kurs talabalariga kerakmi?

Samarqand shahridagi oliy o‘quv yurtlarida sportga berilayotgan e’tibor, talabalarni sportga jalb qilish ahvoli o‘rganib chiqilganda shu narsa ayon bo‘ldiki, joriy o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya darslari faqat 1-kurslarga o‘tilar ekan. Xo‘sh, nima uchun? Jismoniy tarbiya faqat 1-kurs o‘quvchilariga kerakmi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Buning sababini Samarqand davlat universiteti professori Zayniddin Boltayev quyidagicha izohladi:

- Jahon tajribasida rivojlangan mamlakatlarda jismoniy tarbiya fan sifatida faqat 1-kurs talabalariga o‘tiladi. Talabalar bir yil ko‘nikma hosil qilgach, keyingi yildan mustaqil ravishda o‘zi istagan sport to‘garagiga a’zo bo‘lib, darsdan bo‘sh vaqtida mashg‘ulotlarda qatnashadi. Bundan buyon respublikamizning barcha oliy ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya fani faqat 1-kurs talabalariga o‘tiladi. Universitetda voleybol, basketbol, futbol, tennis, gimnastika, qo‘l to‘pi, shaxmat kabi 16 tur sport to‘garaklari mavjud. Shu o‘rinda bir taklifim bor: talabalar uchun suzish sport majmuasi qurilsa, maxsus basseynlar bo‘lsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

- Aslida biz Vazirlar Mahkamasiga bu taklifni berdik, ya’ni talabalarni sportga jalb qilishning yangicha uslubini, namunaviy fan dasturini ishlab chiqdik, - deydi Samarqand davlat universiteti fakultetlararo jismoniy madaniyat va sport kafedrasi mudiri, dotsent Orifjon Raupov. – Sababi, jismoniy tarbiya darsi 1-kurs talabalariga haftada bir marta o‘tiladi. To‘garaklarda esa haftada uch marta qatnashishi mumkin. Yuqori kurs o‘quvchilari o‘zlari istagan sport to‘garagiga darsdan so‘ng qatnashadi.



Bundan ko‘zlangan maqsad – sportchilarning mahoratini yanada oshirish, yoshlarni o‘zlari istagan sport turiga qatnashishga imkon berishdir. Universitetimizda talabalarning sport to‘garaklarida qatnashishi uchun yetarlicha shart-sharoit yaratilgan. Yopiq sport majmuamiz talabalar yotoqxonasining yonida joylashgani ham ular uchun ayni muddao. Talabalar darsdan so‘ng sport zaliga keladi. O‘zim katta tennis bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘taman. Faqat bizda katta tennis maydoni yo‘qligi sababli “Dinamo” stadionidan foydalanib turibmiz. Kelajakda universitetimizning o‘zida tennis korti qurilishidan umidvormiz.

Talaba to‘garakdan repetitorni afzal biladi

Xo‘sh, oliy ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya fani faqat 1-kurslarga o‘tilayotgan bo‘lsa, yuqori kurs talabalari sportga qanday jalb qilinmoqda? Ular sport to‘garaklariga to‘liq qamrab olinganmi? Darsdan keyin talabalar sport majmualariga o‘z xohishi bilan qatnayaptimi, degan savollarga javob topish maqsadida Samarqand shahridagi ayrim oliy ta’lim muassasalarida bo‘ldik. Ammo sport to‘garaklari 2 oktyabrdan faoliyat ko‘rsatishini aytishdi. Hozircha talabalar to‘garaklarga a’zo bo‘layotgan ekan.

Yoshlarni sportga jalb etishning yangicha uslubi talabalarga ma’qulmi? Ular bunga nima deydi?

- Bizning kursimizda hech kim o‘zi xohlab sport to‘garagiga bormaydi. Sababi, birinchidan, vaqti yo‘q, ikkinchidan, talabalarning o‘zlarida ishtiyoq yo‘q, - dedi o‘zini tanishtirishni istamagan talaba.

- Men esa darsdan so‘ng ingliz tiliga repetitorga boryapman. Shuning uchun sport to‘garagiga qatnashni rejalashtirganim yo‘q, - dedi ikkinchi talaba.

- To‘g‘ri, universitetimizda turli sport to‘garaklari bor, ammo yozgi sport maydoni yo‘q. Shuning uchun o‘rtoqlarim bilan haftada ikki marta pulli futbol maydonchalariga borib, o‘ynab kelaman, - dedi uchinchi talaba.

Xorij tajribasining samara berishini vaqt ko‘rsatadi, ammo majburan dars o‘tilmasa hamma talaba ham sport bilan jiddiy shug‘ullanmasligini yoshlarning o‘zi ham tan olmoqda.

Sportchi talabalarimiz bormi?

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 4 sentyabrda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarni sportga qamrab olish, yosh sportchilarni tarbiyalash, ularni oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilish masalalarini ko‘tardi. Shuningdek, mamlakatimizda sport inshootlari yetarli emasligi, xususan, viloyatimizda bu ko‘rsatkich 3,4 foizni tashkil etishi qayd etildi.

Samarqand davlat tibbiyot institutiga qarashli yopiq sport majmuasi eski binoda joylashgan, zamonaviy jihozlanmagan. Ochiq sport maydoni ham qarovsiz ahvolda, o‘t bosib yotibdi. Samarqand davlat chet tillar institutining sport majmuasi yo‘q. Institut tashkil topgandan, ya’ni 28 yildan beri SamDUning sport zallaridan foydalanib kelmoqda. Samarqand davlat universitetining 5 ta yopiq sport majmuasi bor, ammo ochiq sport maydonlari yo‘q. 

Joriy yilda Samarqand davlat tibbiyot instituti hamda Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga birorta ham sportchi talaba o‘qishga qabul qilinmagan. Samarqand davlat universitetining tarix, falsafa, biologiya, matematika, geografiya fakultetlariga jami 15 nafar sportchilar o‘qishga kirgan.

Yoshlar o‘rtasida sportni ommaviylashtirish maqsadida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida ­“Universiada” sport musobaqasi o‘tkaziladi. Unda oliy ta’lim muassasalarining 17-28 yoshdagi bakalavr va magistrlari qatnashadi. Bu yo‘nalishda yil davomida har bir fakultetning sport jamoalari shakl­lantiriladi va g‘olib bo‘lgan jamoalar viloyat terma jamoasi safida musobaqaning respublika bosqichiga boradi.

Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilib kelinayotgan “Universiada” sport musobaqasi hozircha to‘xtatilgan. Buning sababini SamDU fakultetlararo jismoniy madaniyat va sport kafedrasi o‘qituvchisi Faxriddin Oblonazarov quyidagicha izohladi:

- Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 oktyabrda qabul qilingan “O‘quvchi va talaba-yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan respub­lika sport musobaqalari tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ayrim noroziliklar tufayli bekor qilindi. Yaqinda Vazirlar Mahkamasining sport musobaqalari to‘g‘risidagi yangi qarori qabul qilinishi ko‘zda tutilmoqda. Qaror chiqqach, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida “Universiada” sport musobaqalari boshlanadi.

Yoshlarni sportga jalb etish borasida hali yechimini topish kerak bo‘lgan muammolar juda ko‘p. Bunga mutaxassislar e’tibor qaratadi, degan umiddamiz.

Xurshida ERNAZAROVA.