Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jomboyda harbiy festival

Jomboy tumanida Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.

“Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda Markaziy harbiy okrug Samarqand garnizoni xizmatchilari, milliy gvardiya, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar boshqarma va bo‘limlari vakillari, tuman jamoatchiligi vakillari qatnashdi.

Tadbir qatnashchilari harbiy yurish bilan tuman markaziy stadionida jam bo‘ldi.

Tuman hokimi Q.Sobirov Vatan himoyachilarini bayram bilan tabrikladi va ularning jasorati haqida so‘z yuritdi.

– Vatan himoyachisi deganda, avvalo, Jaloliddin Manguberdi, Najmiddin Kubro, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz siymosi ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi, – dedi hokim. – Ulardan o‘tib kelayotgan mardlik, jasorat, Vatanga sadoqat kabi tuyg‘ular Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotgan mard va jasur o‘g‘lonlar qonida oqayotganiga ishonchimiz komil.

Tadbirda Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligini saqlash yo‘lida halok bo‘lgan jomboylik harbiy xizmatchilar – Murodjon Tojiyev, Norbek Qodirov, Keldiyor Xolmatov, Shuhrat Jumanovning jasorati yodga olindi.

Samarqand garnizoni qoshidagi ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestrining chiqishlari namoyish etildi.

Festival davomida bir guruh harbiy xizmatchilar, ofitser va serjantlar tuman hokimligining tashakkurnomasi, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tuman hokimi va boshqa mas’ullar xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xonadonida bo‘lib, ularning oila a’zolari holidan xabar oldi. Qahramon harbiylarning farzandlariga bayram sovg‘alari topshirildi.