Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Karantinga qaramay, poyga uyushtirgan shaxslar 10 sutkaga qamaldi

Samarqand tumani “sariq” hudud toifasida bo‘lgan vaqtda ertalab soat 6:00 dan kech soat 22:00 ga qadar avtomashinada stikersiz va boshqa maxsus ruxsatnomasiz harakatlanishga ruxsat etilgan.

Biroq Shavkat Bozorov va Damir To‘xtayev (ism, familiyalar shartli) epidemiyaga qarshi kurash talablarini buzib, soat 23:50 lar atrofida tumanning O‘zbekkenti mahallasi hududida davlat raqam belgisini o‘zboshimchalik bilan yechib, transport vositalarida o‘zaro poyga uyushtirgan. Oqibatda qatnov yo‘lida avariya holatini keltirib chiqarish bilan birga jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimay, tungi vaqtda avtomashina motor ovozini kuchaytirib boshqargan. Ya’ni, mahalladagi fuqarolarning osoyishtaligini buzgan.

Holat yuzasidan olib borilgan dastlabki surishtiruv harakatlari davomida huquqbuzar Shavkat Bozorov boshqaruvida bo‘lgan “Neksiya” rusumli transport vositasiga tegishli ruxsat olmasdan transport vositasining konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritgani aniqlangan. Ya’ni, u transport vositasi motor tizimiga hamda tutun chiqaruvchi trubasiga kuchaytiruvchi moslamalar o‘rnatgan.

Sud huquqbuzar Shavkat Bozorovni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) 2-qismi, 125-moddasi (transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) 3- va 5-qismi, 129-moddasi (transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashish) 1-qismi va 183-moddasi (mayda bezorilik)da nazarda tutilgan huquqbuzarlik harakatlarini sodir qilgan, deb topdi.

Unga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanib, darhol sud zalidan ma’muriy qamoqqa olindi. Undan ma’muriy qamoq davrida to‘lanadigan xarajatlar uchun 334 ming 500 so‘m undiriladi.

Damir To‘xtayevga ham 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanib, 334 ming 500 so‘m undiriladigan bo‘ldi.

Z.KARIMOV,
Samarqand tumani ma’muriy sudi raisi.