Karantin qoidalarini mensimagan shovvoz 10 sutkaga qamaldi
Karantin qoidalariga rioya qilib, tinch-osoyishta hayotimizning bardavomligini ta’minlash har birimizdan yanada hushyor bo‘lishni, aslo xotirjamlikka berilmaslikni taqozo etmoqda. Ba’zi fuqarolarda hatto karantin tugadi, degan tasavvur ham uyg‘onmoqda. Afsuski, ayrim fuqarolar tomonidan karantin qoidalarini qo‘pol ravishda buzish holatlari kuzatilmoqda.
Jumladan, huquqbuzar D.X. 2020 yil 27 may kuni taxminan soat 11:30 larda Konimex tumani hududida karantin e’lon qilinishiga qaramasdan, spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holda jamoat tartibini va yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, ko‘chada baqir-chaqir qilib, maxsus tibbiyot niqobini taqmasdan, o‘rnatilgan karantin qoidalarini qasddan buzib, mayda bezorilik sodir qilgan.
Huquqbuzar shu bilan cheklanmay, uni tartibga chaqirishga kelgan IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaganligi uchun unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Konimex tumani ma’muriy sudining 2020 yil 4 iyundagi qaroriga ko‘ra, fuqaro D.X. mazkur huquqbuzarliklarni sodir etgan, deb topildi va unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 34-moddasiga binoan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi berildi.
N.KENJAYeVA
Konimex tumani ma’muriy sud raisi.