«Karnay-surnayning sadosi» teskari reaksiya bermaydimi?

- Nima, odamlar pulini qayoqqa ishlatishni bilmayaptimi, tushunmadim…
- Axmoqona urf-odatlar o‘ylab topish bo‘yicha birinchi o‘rinda bo‘lsak kerak.
- Puli shunchalik ko‘p ekan, maktabga, muhtoj o‘quvchilarga yordam qilsa bo‘lmasmidi, savob olib, farzandining maktabga qadam qo‘yishini yaxshi amallar bilan boshlashi o‘ziga foydaliroq bo‘lardiku…
- Orzu-havasning chek-chegarasi yo‘q ekanda, a?!
- G‘irt axmoqgarchilik-ku bu axir!
Ushbu fikrlar yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan videotasvirlarga nisbatan yozilgan yuzlab izohlarning bir qismi, xolos. Yaqinda farzandini birinchi sinfga uyidan karnay-surnay sadolari ostida jo‘natayotgan oila tasviri tushirilgan video tarqalib ketdi.
Fikr bildirish imkoni mavjud bo‘lgan tarmoqlarda odamlar bu holatni turlicha talqin etmoqda. Kimdir xurmacha qiliqlar, desa, yana birov ko‘rmaganni ko‘rgani qursin, dedi. Xullas, ko‘pchilik bu holatni qoraladi.
Tabiiyki, insonda yaxshi kunlarini o‘ziga xos tarzda, xursandchiligini dabdaba bilan nishonlashga moyillik kuchli. Lekin farzandini maktabga jo‘natish uchun karnay-surnay tashkil qilish nimadan dalolat beradi, uning biz bilmaydigan oqibatlari bormi? Bu haqda amaliyotchi psixolog, SamDU o‘qituvchisi Abira BAHROMOVA quyidagilarni gapirib berdi.
- Birinchi navbatda biz orzu-havas degan tushunchaga aniqlik kiritib olishimiz kerak, - deydi A.Bahromova. – Ya’ni, dabdaba va turli yasama, kimningdir xayoliga kelib qolib amalga oshirayotgan ishlar orzu-havas emas. Bu tushunchaning zamirida biz uzoq yillar ardoqlab kelgan, farzandlarimiz kamoli, baxtini ko‘rish, uni odobli, axloqli qilib tarbiyalashday ezgu niyatlar mujassam bo‘lgan. Bugun birovi chiqib, kelin-kuyovni ustiga dollar sochishini ham orzu-havasga yo‘yayapmiz, bolasini o‘qishga jo‘natishga karnay-surnay chaqirishi ham yaxshi niyat emish. Aslida bola tarbiyasida bunday usul juda xatarli sanaladi. Bolaga kichik yoshidanoq muhayyo etilgan haddan tashqari sharoit, dabdaba umuman mehrsiz, qarovsiz o‘sgan bolaga nisbatan munosabat bilan bir xil ta’sirga ega. Ya’ni ota-ona karnay-surnay chaqirib, yoki boshqa shunga o‘xshash dabdabali xatti-harakatlar bilan bolaga mehr berayapman, deb o‘ylaydi. Vaholanki bu holat bolani ota-onadan uzoqlashishi, begonalishishiga olib keladi. Bola ota-onani oddiy ta’minotchi sifatida qabul qiladi, xudbinlashadi va undan doimiy ravishda shunday munosabatni talab qila boshlaydi. Bunday bolalar ulg‘ayganda ijtimoiy hayot bilan yuzlashishi juda qiyin kechadi, sababi oddiy – unga ota-onasi qilgan munosabat har doim ham uchramaydi. Bu holat uni qiyin vaziyatga soladi, u o‘zini topolmaydi, qiynaladi. Xatoni o‘zidan emas, boshqalardan, ko‘pincha hatto ota-onasidan ham izlay boshlaydi. Hayotda ko‘p guvoh bo‘lganmiz, haddan tashqari dabdabaga, mehrga erk berilgan holda ulg‘aygan bolalarning ota-onasi farzandidan ulg‘ayganda mehr kutadi, ammo natija ular o‘ylaganiday bo‘lib chiqmasligi juda achinarli. Shuning uchun ota-ona doimiy ravishda farzandiga shunday munosabatda bo‘lsa, uni tengdoshlaridan ko‘ra ko‘proq sharoit yaratishga intilish, haddan ortiq mehr berish bola tarbiyasi uchun ziyonligini o‘z vaqtida anglab yetishlari lozim. Bolaning kelajagiga bolta urishday gap, bunday munosabat.
Vaholanki mehrni to‘g‘ri yo‘naltirish, pulni to‘g‘ri, aql bilan sarflagan holda bolaga qo‘shimcha sharoit yaratish ham mumkin. Buning uchun bugun har bir ota-ona birinchi navbatda bola tarbiyasi bilan bog‘liq ilk tushunchalar bilan tanishib chiqsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Farzandimizning kamolini ko‘rish, kelgusida uning mehridan ham bahramand bo‘lishni istasak birinchi navbatda ota-onalarning o‘zi bu yuksak maqomga tayyor bo‘lishlari lozim.
Gulruh MO‘MINOVA.