Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kasalliklar nega yosharyapti?

Gap aholi orasida ommalashgan yurak-qon tomir, qandli diabet, insult, saraton va boshqa kasalliklar ustida bormoqda.

Ba’zilar bunday ahvolga hozirgi turmushning yugur-yugur va tashvishlari, yashash muhitining tobora kuchayib borayotgan hissiyotli ta’siri sabab desa, ayrimlar hammasi noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli deb isbotlashga urinishadi. Ko‘pchilik tadqiqotchilar sivilizatsiya xastalikning haqiqiy sababi - gipodinamiya, ya’ni kam harakat hayot tarzi, degan xulosaga kelmoqdalar.

Yuz yil muqaddam inson o‘ziga kerakli ishning 95 foizini o‘z kuchi bilan bajargan bo‘lsa, hozir ana shu hajmdagi ishni mashinalar uddalayapti. Odam organizmining 35-40 foizi muskuldan tashkil topganini va deyarli hamma boshqa sistemalar muskullarni harakatga keltirish uchun xizmat qilishini nazarda tutsak, hozirgi ahvol o‘z-o‘zidan ravshanlashadi.

Buyuk vatandoshimiz Abu ali Ibn Sino "Birinchi jismoniy mashqlar, undan keyin to‘g‘ri ovqatlanish tartibi va uyqu", deb belgilagan. U shunday yozadi: "Me’yorida va o‘z vaqtida jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanadigan inson hech qanday davolashga muhtoj emas!".

Darhaqiqat, jismoniy mashqlar - sog‘liqni saqlashning asosiy usuli bo‘lib, ular odamni chuqur nafas olishga majbur etadi, chuqur nafas olish tanamiz uchun ham, ruhiyatimiz uchun ham foydalidir.

Faylasuf Mirzo Bedil ta’biri bilan aytganda "Ruh va aql qal’asini egallash uchun jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanib turish lozimdir". Inson tanasi, qoni harakatda bo‘lsa, fikri, g‘oya va tafakkuri ham harakatda bo‘ladi.

Respublika Prezidenti 2018 yil 18 dekabrda "Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" qaror qabul qildi. Shuning uchun ham jismoniy faollikni kuchaytirishga davlat va jamiyat miqyosida ijtimoiy ahamiyatga ega masala sifatida qaralmoqda.

Rossiyalik mashhur kardiojarroh akademik Leo Bokeriya shogirdlarining "Aytingchi, biz ertalab va kechqurun transportda yurmasdan piyoda ishga borib kelsak, shuning o‘zi jismoniy mashqning o‘rnini qoplaydimi?", degan savoliga "Yo‘q, siz ishga shoshib borasiz, uyga shoshib qaytasiz, bunda inson ongi ishtirok etmaydi", deb javob bergan. Buni buyuk alloma Ibn Sino ham o‘z vaqtida qayd etgan. Ongli mashqlar va harakatlar orqali ko‘p kishilar bedavo hisoblanadigan dardlardan butunlay xolos bo‘lgan, bunga misollar ko‘p.

Sog‘lom turmush tarzi uning asosini tashkil etuvchi jismoniy faollik ko‘plab dori-darmonning o‘rnini bosishi mumkin, lekin birorta dori jismoniy tarbiya o‘rnini bosolmaydi. Aviatsiya dvigatellari sohasida yirik mutaxassis, konstruktor rossiyalik akademik Aleksandr Mikulin 50 yoshida yurak infarktiga chalinadi. Shunda u hayotining sanoqli kunlari qolganligini fahmlaydi.

Jahonda mashhur "MIG" va "TU" singari zamonaviy samolyotlarni havoga ko‘tara oladigan dvigatellar yasagan va ularni xizmat qilish muddatlarini kashf qilgan olim o‘z tanasidagi dvigatel (yurak)ning xizmat qilish muddatini cho‘zish haqida o‘ylamaganligidan afsuslanadi. Uzoq umr ko‘rganlar tajribasidan kelib chiqib, yurak 50 yilda o‘z faoliyat muddatini tugatmasligi kerak, degan xulosaga keladi. Hali kasalxonadaligidayoq o‘ziga mutlaqo yot bo‘lgan soha - inson badani, ayniqsa, qon aylanish tizimi va yurakning ishlash mexanizmini o‘rganishga qaror qiladi.

Mikulin sog‘lomlashtirish harakatining birinchi tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan. U muhim sog‘lomlashtiruvchi tadbir sifatida piyoda yurish va yugurishning evolyusion mohiyatini ochishga harakat qiladi. Harakatlar ichida piyoda sayr qilish, sakrash, yugurish va otda yurishning sog‘liq uchun foydali ekanligini ta’kidlaydi.

Aleksandr Mikulin infarktdan keyin ham 40 yil umr ko‘rib, 90 yoshida olamdan o‘tgan. Inson faol harakat qilib turmasa, yuksak mehnat qobiliyatiga ega bo‘lishi mumkin emas. Harakat faolligi kuniga 8-10 kilometrni tashkil qilishi lozim. Albatta, bu yerda individual yondashuv talab etiladi. Kam harakatlilik: insonlarni semirib ketishga, qonda xolesterin miqdorining oshib ketishiga, bo‘g‘imlarda tuz moddalari cho‘kishiga va umrning qisqarishiga olib keladi.

Xulosa o‘rnida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olishda yuqorida aytilganlar bilan bir vaqtda tamakidan voz kechish, spirtli ichimliklarni kamaytirish va albatta, bemorni ishtiroki talab qilinadi. Shifokorning oldiga borib, men kasal bo‘ldim, davolab bering, deb emas, bemorni o‘zi shifokorga yordam berishi kerak, ya’ni umrining oxirigacha har kuni o‘zidagi bor kuch-quvvat bilan sog‘lom hayot tarziga amal qilib, o‘rganib borib yashagandagina har qanday kasallikni yengishi mumkin.

O‘ktam NURULLAYeV,

oliy toifali shifokor.