Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kogonda paxta yig‘im-terimida bolalar mehnatidan foydalanilganmi? Mutasaddilar rasmiy izoh berdi

3 oktyabr kuni ayrim intrenet nashrlarida Kogon tumanidagi 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilarining paxta yig‘im-terimiga majburiy tarzda jalb etilganligi xaqida xabarlar e’lon qilindi.

Keltirilgan holatlarning qanchalik haqiqatga yaqinligiga oydinlik kiritish maqsadida maxsus ishchi guruhi tomonidan dastlabki o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish yakunlariga ko‘ra, tilga olingan jihatlar uydirmadan boshqa narsa emasligi ma’lum bo‘ldi. Buni mutasaddilarning quyidagi fikrlari ham isbotlab turibdi.

Jamol Saidov, Kogon tumanidagi 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori:

- Sir emas, ilgari o‘qituvchilar qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, paxta yig‘im-terimiga keng jalb etib kelingan. Ammo so‘nggi yillarda davlat rahbariyati, viloyat hokimligining o‘qituvchilarni paxta yig‘im-terimiga jalb etilmasligi haqidagi topshiriqlari barcha ziyolilar singari bizni ham juda xursand qildi. Shundan kelib chiqib aytmoqchimanki, maktabimiz o‘quvchilarini paxta yig‘im-terimiga jalb etish bo‘yicha hech qanday topshiriq olmaganmiz. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar bu bizga qilingan tuhmat. Maqolada 15-maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari hatto 1 oktyabr kuni ham paxta yig‘im terimida ishtirok etganligi aytib o‘tilgan.

Vaholanki, 1 oktyabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram sayillarida ishtirok etdik. Jamoamiz bilan mutasaddi tashkilotlardan ushbu uydirmani tarqatganlarga nisbatan javobgarlik masalasini hal etishlarini so‘raymiz.

Amrillo Safarov, Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i:

- Ijtimoiy tarmoqlarda Kogon tumanidagi 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilarining paxta yig‘im-terimiga majburiy tarzda jalb etilganligi bo‘yicha xabar tarqalganidan so‘ng o‘zim boshchilik maxsus guruh holatni joyida o‘rgandik. O‘rganishda maktab jamoasi va o‘quvchilarning paxta yig‘im-terimiga majburiy tarzda jalb etilganlik holati o‘z tasdig‘ini topmadi.

Bugun davlatimiz rahbari tomonidan xalq ta’limi sohasida mehnat qilayotgan o‘qituvchi va murabbiylarga qaratilayotgan e’tibordan ruhlanib, yosh avlod ta’lim tarbiyasi bilan doimiy tarzda shug‘ullanyapmiz. Mana, ikki yildirki, butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Buxoro viloyatida ham xalq ta’limi tizimi xodimlari va o‘quvchi-yoshlari paxta yig‘im-terimi, turli hashar va obodonlashtirish ishlariga jalb etilmayapti. Xalq ta’limi vazirligi va boshqarmamiz majburiy mehnatning har qanday ko‘rinishiga mutlaqo qarshi hamda tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan pedagoglarning o‘z kasbiga aloqasi bo‘lmagan turli ishlarga jalb qilinishiga yo‘l qo‘ymaydi. Sohada xizmat qilayotgan fidoyi ustoz va murabbiylarning mehnatini qadrlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda ustoz obro‘sini oshirish yo‘lidagi ishlarini davom ettiramiz. Qonunchiligimizda belgilangan mehnat munosabatlariga oid huquqiy normalarga so‘zsiz amal qilamiz.

Bahron Qurbonov, Kogon tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri:

- Kogon tumanidagi mavjud 22 maktabda 12 ming 63 nafar o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda. Keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan xalq ta’limi sohasini isloh qilish, o‘qituvchi va o‘quvchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xususan, ularni o‘qish, o‘qitishdan tashqari har qanday ko‘rinishdagi yumushlarga jalb qilmaslik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilayotganini hech bir so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda keng quloch yoygan tumanimizdagi 15-o‘rta umumta’lim maktabi o‘quvchilarining paxta yig‘im-terimiga olib chiqilganligi haqidagi yolg‘on xabar nafaqat Buxoro, balki butun mamlakatimiz xalq ta’limi tizimi xodimlari sha’niga otilgan toshdir.

Kogon tumani hokimligi:

- Ijtimoiy tarmoqlarda Kogon tumanida maktab o‘quvchilarining dam olish va bayram kunlari paxta yig‘im-terimiga majburiy jalb etilayotganligi mazmunidagi xabarlar yuzasidan nafaqat ta’lim tizimi o‘quvchilari, balki umuman, byudjet tashkilotlari xodimlari va fuqarolarimizning bunday ko‘rinishdagi mehnatga jalb qilish to‘g‘risida biror-bir ko‘rinishda topshiriq berilmagan. Aksincha, barcha byudjet tashkilotlari hamda mutasaddi idoralarga paxta yig‘im-terimiga majburiy jalb etilishini taqiqlash haqida yozma topshiriq berilgan.

Bu kabi asoslantirilmagan va haqiqiy holatga mos kelmaydigan xabar va ma’lumotlarni tarqatganlik holati yuzasidan tegishli chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga murojaat qilinadi.

Olib borilayotgan o‘rganish yakunlari haqida yanada batafsil axborot beramiz.