Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kommunal to‘lovni qulay usulda to‘lang!

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 iyulda qabul qilingan №633-sonli qaroriga ko‘ra, 2019 yil 15 avgustdan boshlab yoqilg‘i-energetika resurslariga yangi narxlar va tariflar belgilandi. Shu sababli ayni paytda kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni qabul qilish manzillarida to‘lovchilar soni ko‘paygan.

Mazkur holatda navbatlar uzayib ketmasligi, iste’molchilar uchun noqulayliklar kelib chiqmasligi uchun kommunal to‘lovlarni naqd pul va shaxsiy plastik kartochkalar orqali quyidagicha amalga oshirishingiz mumkin:

1. Kommunal to‘lovlarni naqd pul ko‘rinishida amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz viloyatimizda faoliyat olib borayotgan tijorat bank filiallari binolaridagi 76 ta va binodan tashqarida tashkil etilgan 45 ta kassa tarmoqlari hamda viloyatimiz bo‘ylab o‘rnatilgan 337 dona infokiosklar orqali amalga oshirishingiz mumkin.

Shuningdek, hududlarga biriktirilgan Majburiy ijro byurosi xodimlari orqali joyida to‘lovlarni amalga oshirishingiz mumkin. Buning uchun byuro xodimlari 435 ta mobil terminal (to‘lovlarni karta orqali qabul qilish uchun), 572 ta mobil termoprinter (to‘lovlarni naqd pulda qabul qilish uchun) bilan ta’minlangan.

2. Kommunal to‘lovlarni plastik kartochkalar orqali “CLICK”, “PAYME”, “M-BANK” va boshqa mobil ilovalar yordamida uyingiz yoki ishxonangizdan chiqmagan holda amalga oshirishingiz mumkin.

“CLICK” tizimi orqali to‘lovni amalga oshirish uchun telefoningiz rusumi “Smart” bo‘lishi ham shart emas.

Markaziy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasi.