Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kulrang “Mercedes-Benz”ni qoraga bo‘yab pullash rejasi chippakka chiqdi

Bojxona nazoratini turli nayranglar bilan chetlab o‘tishga bo‘lgan urinishlarga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 2010 yil 19 noyabrda 2156-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan «Bojxona chegarasida olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom talablari ijrosi yuzasidan Toshkent shahri hududida tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Tadbir davomida fuqaro U.B. qo‘shni davlat fuqarosi U.J. tomonidan majburiyatnoma asosida qaytarib olib chiqib ketish sharti bilan olib kirilgan, qiymati 300 million so‘mlik kulrang “Mercedes-Benz E 350” rusumli avtoulovni o‘zboshimchalik bilan rangini qora rangga o‘zgartirib, noqonuniy tarzda sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

DBQ Axborot xizmati xabar berishicha, hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.