Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Lola: Siyosatga hech qanday aloqam yo‘q, men ijodkorman

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va OAVlarda xonanda Lolaning «Sevgingni menga ayt» deb nomlangan taronasiga ishlangan ikkinchi klipi bahs-munozaraga sabab bo‘ldi. Shu sabab Lola Instagram’dagi sahifasida ushbu klipiga izoh berdi.

"So‘nggi video chiqqanidan so‘ng ayrim yangilik saytlari uning mohiyatini va mazmunini o‘zgartirib, o‘z manfaati yo‘lida foydalanishga qaror qilishdi. Hatto meni va jamoamni siyosiy xarakterda izoh berishimga majburlamoqchi bo‘lishdi. Shuni aytmoqchimanki, men bu mavzuda intervyu bermayman va siyosatga hech qanday aloqam yo‘q.

Men ijodkorman. San’at bilan shug‘ullanaman, san’at esa — hayotning ko‘zgusi. O‘z ijodimda turli mavzularga murojaat qilaman: ijtimoiy, hayotiy, ba’zida maishiy va bularning barchasini chin ko‘ngildan qilishga intilaman. Biz odamlar bemalol nafas olib, bundan besh yil oldin hatto o‘ylashga ham qo‘rqadigan fikrlarimizni ochiq ayta oladigan o‘zgarishlar davrida yashayapmiz.

Bu safar biz hazil aralash shaklda satirik videoni yaratib, ijodkorlikdagi byurokratiya va taqiqlar mavzusiga qo‘l urdik. Men ijodkor odamman va bu kabi provakatsiyalar vaqtida yagona beradigan izohim — men O‘zbekiston fuqarosiman, o‘z Vatanimni sevaman, unda yashayotgan odamlarni yaxshi ko‘raman va nimaiki qilmay, uning kelajagiga bo‘lgan muhabbatim sabab!".