Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Maktab o‘quvchilari fan olimpiadasida nega o‘rin ololmadi?

Toshkent shahrida akademik litseylar, kasb-hunar kolleji va umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida umumta’lim fanlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan respublika olimpiadasining IV bosqichida ming nafardan ortiq yigit-qizlar bilimini sinovdan o‘tkazdi.

Olimpiadada viloyatimizdagi akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining eng bilimli deb topilgan 41 nafar va umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tahsil olayotgan 46 nafar o‘quvchilar ham ishtirok etdi.

Tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 53 nafar o‘quvchiga diplomlar, oliy ta’lim muassasalariga test sinovlarsiz hamda qo‘shimcha imtihonlarsiz kirish imtiyozini beruvchi guvohnoma topshirildi. Ular orasida viloyatimizdagi akademik litseylarda tahsil olayotgan 3 nafar o‘quvchi ham bor.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti akademik litseyi o‘quvchisi Islom Vohidov kimyo fani bo‘yicha, Samarqand davlat universiteti akademik litseyi o‘quvchisi Nilufar Abduraimova o‘zbek tili va adabiyoti (ta’lim rus tilida) fanidan 1-o‘rinni hamda shu fan bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Samarqand filiali akademik litseyi o‘quvchisi Shahruz Hamitov 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Viloyatimizdagi litseylar sonini olganda bu yaxshi ko‘rsatkich, albatta. Ammo umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchilar orasidan 46 nafar yigit-qizning bittasi ham hech bo‘lmaganda 3-o‘ringa munosib deb topilmaganini tushunish qiyin. Vaholanki, ular 1200 dan ortiq maktabning minglab o‘quvchilari orasidan saralab olingan, bir nechta bosqichlardan o‘tib kelgan.

Saytimizni kuzatib boring, bu haqda mutasaddilarning fikrini bayon qilamiz.

Abdujabbor PO‘LATOV.