Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Maktablarda nega qo‘l yuvgich yo‘q? Oqibat bilan emas, sabab bilan kurashishimiz kerak

Tibbiyot xodimi, qolaversa, deputat sifatida maktablarga borganimda ko‘p e’tibor qilganman – hojatxonadan qaytayotgan bolalarning deyarli barchasi qo‘l yuvmaydi. Chunki qo‘l yuvishga sharoit yo‘q.

Yelim qo‘l yuvgichlar taxtaga nomigagina qoqilgan. 4-5 ta bunday vositalarning birontasining ichida suvi yo‘q. Borlari ham eski suv.

Endi qarang, hech bo‘lmasa umrida bir marta gelmintoz, ya’ni ichiga parazit tushmagan insonni topish amrimahol. Vaholanki, gelmintoz va gepatit A faqat iflos qo‘l orqali yuqadi.

Umuman, maktab o‘quvchisi yuzalarga qo‘li bilan teginadi. Shu alfozda to‘g‘ri maktab oshxonasiga yoki yaqin atrofdagi do‘konga o‘tib, biror yegulik tanovul qiladi. Aksariyat tuman maktablarida ahvol shunday.

Yurtimizda faqat gelmintozni davolash uchun milliardlab mablag‘ ajratilyapti. Ammo bu faqat oqibatni bartaraf qilishga xizmat qiladi. Negaki, bola qo‘lini yuvmagach yana ikki oyda parazit qayta ichiga tushaveradi.

Aytmoqchi bo‘lganim, bolalarni qo‘l  yuvishga o‘rgatmas, buning uchun yetarli sharoit yaratib bermas ekanmiz, gelmintoz kasalligiga qarshi kurashish yaxshi samara bermaydi.

Oddiy misol, Yaponiyada qo‘l yuvish texnikasi ommalashtirilgach, gelmintoz va gepatit A bilan kasallanish keskin kamaygan.

Shuning uchun maktablarda zamonaviy qo‘l yuvish moslamalari o‘rnatishni kechiktirib bo‘lmaydi.

Odatda ko‘pchilik ota-onalar gelmintoz kasalligiga bee’tibor bo‘ladi. Ammo ichida parazit - gelminti bor bolalarning intellektual salohiyati yaxshi rivojlanmaydi. Chunki, uning yegani o‘ziga yuqmaydi - qoni kam bo‘ladi. Eng yomoni, bunday bolalarda hech qaysi ichki organ to‘laqonli ishlamaydi. Ya’ni, kamqonlikka moslashib ishlaydi - funksiyasi teng yarmiga kamayadi.

Oqibatda bola yaxshi uxlamaydi. Injiq bo‘ladi. Xotirasi pasayadi. Borib-borib nevrozga yo‘liqadi. Qisqasi, bu zanjir reaksiyasiga o‘xshaydi. Oddiy ko‘ringan kasallik asorati boshqa bir muammolarni keltirib chiqaraveradi.

Viloyat Kengashi sessiyasida bergan taklifim bo‘yicha viloyat moliya bosh boshqarmasi tomonidan bu borada dastlabki o‘rganish ishlari olib borilyapti. Ya’ni, maktablarda zamonaviy qo‘l yuvish vositalarini o‘rnatish xarajatlari va mavjud imkoniyatlar hisob-kitob qilinmoqda. O‘ylaymanki, bu masala tez orada o‘z yechimini topadi.

Shu o‘rinda masalaning uzviy davomi sifatida yana bir taklifim bor. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan shu kunlarda «mahallabay» tizimi asosida ish olib borilyapti. Natijada hududlar obodonlashtirilib, har bir xonadonning turmush tarzini yaxshilash choralari ko‘rilyapti.

Bu borada qishloq joylarda ham sanitar-gigiyena sharoitlarini yaratish maqsadga muvofiq. Yashirib nima qildik. Hammomsiz qishloqlarimiz juda ko‘p. Aslida zamonaviy texnologiyalar asosida buni har bir xonadonda tashkil qilish mumkin. Gap faqat ozgina hafsala va e’tiborda.

Surishtirib ko‘rdim, 15-16 million so‘m mablag‘ sarflab suv chiqarish qurilmasi, zamonaviy suv isitish qozoni va yuvinish xonasini tashkil qilish mumkin. Bir qarashda bu oddiy qishloq odami uchun katta mablag‘. Biroq buni iste’mol yoki boshqa turdagi kredit ko‘rinishida tashkil qilish mumkin. Shunda oyiga 400-500 ming so‘mlik to‘lov hech bir oilaga og‘irlik qilmaydi. Muhimi, yashash sharoitlari yangilanadi. Eng asosiysi, bolalar gigiyena qoidalariga rioya qilishni o‘rganadi.

Nilufar Nurmatova,

xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati.