Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Merkuriyning Quyoshdan oladigan energiyasi Yer oladigan energiyadan 7 marta ko‘p

Sayyoralar katta massali jismlar bo‘lib, Quyosh atrofida o‘z orbitalari bo‘ylab aylanib turadi. Bizning Quyosh tizimimizda sakkizta sayyora: Merkuriy, Venera, Yer, Mars, Yupiter, Saturn, Uran va Neptun mavjud. Bu sayyoralarning dastlabki 4 tasi ichki yoki Yer guruhidagi sayyoralar, deb atalsa, keyingi 4 tasi tashqi yoki gazli gigantlar, deb ataladi. Bu ro‘yxatdan yaqin yillargacha sayyora hisoblanib kelgan Pluton tushib qolgan. Sababi, Pluton 2006 yilgacha Quyosh tizimidagi eng so‘nggi sayyora hisolanib, Xalqaro astronomiya assotsiatsiyasining qarori bilan u sayyoralar safidan chiqarilib, mitti sayyoralar safiga o‘tkazildi. Chunki u qolgan sayyoralarga nisbatan hajmi jihatidan ham, gravitatsiya maydoni jihatidan ham kichik hisoblanadi.

Barcha sayyoralar nomlari yunonlar va greklar mifologiyasi xudolarining nomlaridan olingan. Merkuriy (grek-yunon mifologiyasi bo‘yicha savdo sotiq xudosi, arablarda esa Utarud deb ataladi), Venera nomi sevgi xudosi sharafiga qo‘yilgan (arablarda u Zuhra nomi bilan ataladi), Uran - osmon xudosi, Neptun - dengizlar xudosi, Saturn - dehqonchilik xudosi, (arablarda Zuhal), Yupiter – momaqaldiroq xudosi (arablarda Mushtariy), Mars - urush xudosi (arablarda Mirrix) deb nomlangan.

Quyosh tizimidagi Merkuriy va Venerada tabiiy yo‘ldoshlar mavjud emas. Qolgan barcha sayyoralarning yo‘ldoshlari bor. Yupiter uchta yupqa halqalarga ega bo‘lsa, Uranda 11 ta bunday halqalar mavjud. Bu halqalarni kuchli teleskoplarda ham ilg‘ash juda qiyin.

 Gazsimon Quyosh tumanligi paydo bo‘lgach, u o‘zining ichidagi gravitatsiya kuchlari ta’sirida vayron bo‘lib yuzaga kelgan. Uning atrofidagi gazlar, changlar va muz zarralari yig‘ilib sayyoralar vujudga kelgan. Quyoshning yuqori temperaturasi unga yaqin muz zarralarini eritib, qoyalarni hosil qilgan. Bu qoyalar kattalashib, dastlabki to‘rtta sayyora vujudga kelgan. Ayrim muz zarralari Quyoshdan anchagina uzoqda joylashgan va ular muz parchalarini yuzaga keltirgan. Ular ham o‘z navbatida, gazlar bilan birlashib gazli gigant sayyoralarni paydo qilgan.

Yer guruhidagi sayyoralar temir, nikel kabi metallardan iborat. Ular gazli gigantlardan o‘lchamlari bo‘yicha ancha kichik bo‘lsalar-da, ammo ularga nisbatan juda og‘ir hisoblanadi. Chunki zichliklari katta bo‘ladi. Ular og‘ir bo‘lganliklaridan gazli gigantlarga nisbatan o‘z o‘qlari atrofida ancha sekin aylanadi. Bundan tashqari, bu sayyoralarning gravitatsiya maydoni gazli gigantlarnikiga nisbatan kuchsiz bo‘ladi va shu sabab ularning tabiiy yo‘ldoshlari juda kam. Bu guruhdagi sayyoralardan faqatgina Yer va Marsning yo‘ldoshlari mavjud. Venera va Merkuriylarning umuman yo‘ldoshi yo‘q.

Gazli gigant sayyoralarining o‘lchamlari yirik bo‘lsa-da, gazlar va muzli zarralardan tashkil topgani uchun ancha yengil hisoblanadi. Saturn shunchalik yengilki, agar unda suv bo‘lganida edi, unda u suzib yurgan bo‘lardi. Gazli gigantlar, shuningdek, o‘z atrofida favqulodda tez aylanib turadi. Ular atrofida halqalar ham mavjud.

Yupiter va Saturnda yarimsuyuq markaz mavjud bo‘lib, o‘zlari suyuq gaz qatlami bilan o‘ralgan. Bu sayyoralarning gravitatsiya maydonlari juda kuchli bo‘lganidan ularda tabiiy yo‘ldoshlar soni juda ko‘p. Olimlarning fikricha, bu sayyoralar atrofidagi mavjud asteroidlar halqasi ularning kuchli gravitatsiya maydonida parchalanib, keyin ularning yo‘ldoshlariga aylangan.

Merkuriy Quyoshga eng yaqin joylashgani uchun uning sirtidagi temperatura ancha baland - 467  ni tashkil etadi. Venera sulfat kislotasi tomchilari bo‘lgan karbonat angidrid gazi bilan qoplanganligi tufayli Quyosh tomonidan Merkuriyga nisbatan ancha qizigan bo‘ladi. Marsni qizil sayyora, deb atashadi. Olimlarning ta’kidlashicha, Yerdan keyin hayot mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan sayyora hisoblanadi. Yer esa hayot mavjud bo‘lgan hozircha yagona sayyoradir.

Yupiter Quyosh tizimining eng katta sayyorasi bo‘lib, u hozirgacha aniqlangan 67 ta yo‘ldoshlarga ega. Doimo uning yangidan-yangi yo‘ldoshlari kashf etilmoqda. Yo‘ldoshlar ichida eng kattalarini 1610 yilda Galiley birinchi bo‘lib kuzatgan. O‘sha yillar bu yo‘ldoshlarni nemis astronomi Simon Mariy ham kuzatgan va 1614 yilga kelib bu yo‘ldoshlarga u Io, Yevropa, Ganimed va Kallisto nomlarini bergan. Yupiterning qolgan yo‘ldoshlari o‘lchami bo‘yicha ancha kichik hisoblanadi. Galiley yo‘ldoshlarining Yupiter atrofida aylanishlarida ajoyib bir hodisani kuzatish mumkin - Kallisto Yupiter atrofini bir marta aylanib chiqqanda, Ganimed ikki marta, Yevropa to‘rt marta, Io esa sakkiz marta aylanib ulguradi.

Quyosh tizimidagi sayyoralar safini Merkuriy boshlab beradi. U Quyoshga eng yaqin sayyora bo‘lgani uchun uni qaynoq sayyora ham deb atashadi.

Merkuriy (arablarda Utorud) Quyoshga eng yaqin (oralaridagi masofa 58 million kilometr) sayyora hisoblanib, uning atrofini 88 Yer kunida (bu Merkuriyning yili) aylanib chiqadi. Uning radiusi 2439,7 kilometr bo‘lib, Yupiterning Ganimed yo‘ldoshi va Saturnning Titan kabi yo‘ldoshidan o‘lcham bo‘yicha biroz kichikroq. Ammo ulardan massivroq (keng)dir. Qadimda rimliklar uni sayyohatchilarning panohi, savdo-sotiq xudosi nomi bilan atashgan.

Merkuriyning atmosferasi juda siyrak va Quyoshga yaqin bo‘lganidan, kunduzlari uning temperaturasi 467   gacha qizib ketadi, kechalari esa undagi harorat -183   gacha tushib ketadi. Shu yerda qayd qilish lozimki, Merkuriy o‘zining bir yilida o‘z o‘qi atrofida 1,5 marta aylanib ulguradi, xolos. Boshqacha aytganda, Merkuriyning ikki yili davomida u o‘z o‘qi atrofida 3 martagina aylanib ulguradi. Shuning uchun bir tomoni haddan tashqari qizib ketsa, qorong‘i tomoni esa muzlab ketadi.

Mabodo Merkuriyga uchib borib qo‘nsangiz, sirtining Yer yo‘ldoshi - Oyning sirtiga juda o‘xshash ekanligini ko‘rasiz. Uning sirti changli jarliklar va qoyalar, kraterlar bilan qoplangan. Sayyoraning keng metalli yadrosi va qumlik po‘sti mavjud.

Merkuriy atmosferasi juda siyrak bo‘lganidan, unga tushuvchi meteorlar deyarli qarshilikka uchramay, uning sirtiga tushib, katta-katta kraterlarni yuzaga keltiradi. Undagi eng katta krater Rembrandt nomi bilan atalib, uning diametri 716 kilometrga teng.

Merkuriyda boshqa sayyoralarga nisbatan ajralib turadigan ko‘pgina xususiyatlar borki, ularning ayrimlarini keltiramiz:

- Merkuriyda yilning fasllari bo‘lmaydi. Chunki uning o‘z atrofida aylanish o‘qi Quyosh atrofida aylanish tekisligiga tik yo‘nalgan;

- uning sirtida shunday joylar borki, ularga hech ham Quyosh nuri yetib bormaydi. Natijada bu joylar 2 metrgacha yetadigan muzliklar va ularning sirti changlar bilan qoplangan;

- o‘z o‘qi atrofida aylanish tezligi katta. Lekin orbital harakat tezligi o‘zgarib turadi. Merkuriy orbitasining Perigeyga yaqin qismida 8 kun davomida orbital harakatining burchakli tezligi uning aylanma harakatining burchakli tezligidan oshib ketadi. Natijada Quyosh Merkuriy osmonida to‘xtab, orqaga qarab harakat qila boshlaydi. Bu effekt Iisus Navin effekti, deb ham aytiladi. Bibliyada keltirilishicha, Navin Quyoshni to‘xtatib qo‘yish qobiliyatiga ega bo‘lgan shaxs ekan;

- Merkuriyning Quyoshdan oladigan energiyasi Yer oladigan energiyadan 7 marta ko‘p ekan;

- unda kuchsiz magnit maydoni mavjud;

- sayyorada temir yadro mavjud bo‘lib, uning massasi o‘zining massasining 80 % ini tashkil etadi;

- Merkuriy vulqonlarining faollik davri bundan 3 milliard yillar oldin tamom bo‘lgan.

Merkuriyni past kengliklarda va ekvatorga yaqin joylarda kuzatsa bo‘ladi. O‘rta kengliklarda uni kuzatish ancha qiyin, yuqori kengliklarda esa uni mutlaqo kuzatish imkoniyati bo‘lmaydi.

Merkuriy Quyoshga yaqin bo‘lganidan uni o‘rganish ancha qiyin. Shuning uchun ham u haqida olingan ma’lumotlar juda kam. 2009 yilda olimlar Merkuriyning to‘liq xaritasini «Mariner-10» va «Messenjer» kosmik apparatlari olgan suratlar asosida tuzib chiqqan.

Internet materiallari asosida SamDU professori Ortiq PARDAYeV tayyorladi.