Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Migrantlarga qanday imkoniyat va sharoit yaratilmoqda?

Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kursida bo‘lib o‘tgan bu galgi davra suhbati shu mavzuda bo‘ldi.

O‘quv kursi xodimlari, tinglovchilar va mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari ishtirok etgan samimiy muloqotda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Samarqand filiali direktori Aziz Hafizov kun tartibidagi masala yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.

Ta’kidlandiki, O‘zbekistonda keyingi uch yilda ilk bor mehnat migrantlarini huquqiy, moliyaviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash vositalarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Pirovardida xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishni mo‘ljallayotgan mehnat migrantlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari amalga oshirilmoqda. Ularga kreditlar, mikroqarzlar hamda fuqarolarning hayoti va salomatligini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofotini qoplash uchun subsidiyalar berilmoqda.

Xususan, 2019 yilning 28 noyabr kuni “Mikrokreditbank” ATB, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda “O‘zagrosug‘urta” AJ o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumga ko‘ra, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga jo‘nab ketayotgan fuqarolarga xorijda ishga joylashish xarajatlarini qoplash maqsadida bir yil muddatga 2 million so‘m miqdorida 10 foizlik ustama bilan mikroqarzlar taqdim etiladi. Mikroqarzlarni rasmiylashtirish jarayoni bir bank kunida amalga oshirilib, buning uchun pasport, ariza kabi minimal hujjatlar talab qilinadi.

Kreditlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “labour-migration” dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan mehnat migrantlariga beriladi.

Shuningdek, Mehnat vazirligi va “O‘zagrosug‘urta” AJ o‘rtasida “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hayoti va sog‘lig‘i sohasida hamkorlik memorandumi” imzolangan. Ushbu hujjat bilan fuqarolarning chet elda vaqtincha ishlashi davrida ularning hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash sug‘urta mukofoti miqdorini qoplash uchun 50 ming so‘m miqdorida bir martalik subsidiyalar taqdim etiladi.

Ushbu sug‘urta mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hamda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.

Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga 2020 yilda ko‘p kvartirali uylardan respublika bo‘yicha jami 3462 ta xonadon, shundan Samarqand viloyatida 450 ta ajratiladi.

Davra suhabti davomida ishtirokchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.

Sirojiddin AHMEDOV,

o‘quv kursi o‘quv-metodik va tashkiliy masalalar bo‘limi boshlig‘i.