Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Milliy g‘ururi bor odam bunday fikrlamaydi

Keyingi kunlarda davlat tili bo‘lgan o‘zbek tiliga befarq bo‘lmagan, kuyunchaklik bilan o‘z fikr va qarashlarini ifoda etayotgan yurtdoshlarimizga samimiy hurmatimizni izhor etamiz. Shu bilan birga ayrim ziyolilarning  “O‘zbekistonda rus tiliga ham rasmiy til maqomi berilsin”, degan o‘z yurti taqdiriga, milliy sha’nimizga haqorat ruhidagi xato taklifini qat’iy qoralaymiz.

Bu – o‘zbek tili istiqbolini ko‘ra olmaydigan, milliy g‘ururi va oriyati yo‘q kimsalarning mamlakatimiz fuqarolarini ataylab gij-gijlab milliy nafsoniyatini qo‘zg‘ashni maqsad qilib olgan, yurtimizdagi millatlararo barqaror munosabatlarni izdan chiqarishni ko‘zlovchi kuchlarning nog‘orasiga o‘ynayotgan kishilarning ig‘vosidir. Bunday ig‘volarning oldini olishimiz, davlat tili – o‘zbek tilining tom ma’noda davlat tiliga aylanishiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz va bu borada qat’iy fuqarolik pozitsiyamizni namoyon etishimiz lozim.

Til bu millatning ko‘zgusi, millat tili bilan dunyoga taniladi. Aslida o‘z millati, tili, vatani g‘amini yegan ziyolilar rus tiliga davlat tili maqomi berilishiga emas, o‘zbek tiliga dunyo tili maqomini berishga harakat qilishi kerak.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun dunyoda 50 millionga yaqin kishi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Turk, qozoq, qirg‘iz, tojik, ozarbayjon, uyg‘ur va boshqa ko‘plab millat vakillari o‘zbek va turkiy tildagi fikrlarni 80-90 foiz tarjimonsiz tushuna oladi va o‘z fikrini o‘zbekcha tushuntirib bera oladi. Mamlakatimizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan ekan bu maqomning obro‘sini ko‘tarish uchun barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz lozim. Kelinglar, yurtimiz ravnaqi uchun o‘zbek tilining maqomini tom ma’noda yuksakka ko‘taraylik. Iqtisodimiz, siyosatimiz, fan va madaniyatimiz davlat tilida rivojlansin.

Taniqli jurnalist Sherzodxon Qudratxo‘jayev yozadi: “Men til masalasida ayrim odamlar ko‘targan masaladan juda ham taajjubdaman. Nima uchun ba’zi katta avlod vakillari O‘zbekiston Respublikasining mustaqil va suveren davlat ekanligini anglashni istashmayapti?

Nima uchun Mustaqilligimizning o‘tgan 27 yili ichida ularda o‘z milliy tillari va mamlakatini sevish his-tuyg‘ulari shakllanmadi?

Nega ular Vatan bitta va tanho ekanligini anglay olishmayapti?

Nega ular milliy tilimizga yangi sherik topishga harakat qilmoqda?

Ular orasidagi ijod ahli, olimlar nega shuncha yillar davomida tilimizni rivojlantirmadi?

Nega bu masala millatlararo nizo va tortishuvlarga olib kelishini anglamayaptilar?

Bu masalani ko‘tarayotgan bir guruh katta avlod vakillari yoshlarga namuna bo‘lish o‘rniga, yana o‘sha eski zamonni, «sotsialistik» o‘tmishni qo‘msayotganini tushunish juda ham qiyin, albatta. Hurmatli keksa avlod vakillari, avvalo shuni bilinglar: o‘sha mash’um sovet davri endi qaytib kelmaydi, orqaga qaytadigan ko‘priklar yonib ketgan. Orqaga qaytuvchi yo‘llar ham qolmadi. Millat ham o‘zgardi, O‘zligini qaytarayotgan millat bu”.

Biz o‘zbek tilini xalqaro aloqalar tiliga, jahon tiliga aylantirish uchun kurash olib borishimiz lozim, deb hisoblaymiz.

B.TO‘RAYeV,

Sh. ZIYoDOV,

Sh.UMAROV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari