Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mulk huquqini e’tirof etishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 apreldagi “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida” Farmoniga ko‘ra, fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylariga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi e’lon qilingan.

Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, mazkur aksiya doirasida Samarqandda yashovchi fuqarolar tomonidan davlat xizmatlari markaziga 28 ming 780 ta ariza kelib tushgan. Ayni paytda ushbu arizalarning 19 ming 695 tasi (68,4 foizi) o‘z yechimini topgan.

Viloyat hokimligida mazkur masala muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda aksiya doirasidagi ishlarni tezkor amalga oshirishda joylarda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi tanqid qilindi. Jumladan, mutasaddilar tomonidan Samarqand shahrida 1793 ta, Samarqand tumanida 1414 ta, Urgut tumanida 1392 ta, Ishtixon tumanida 947 ta, Past Darg‘om tumanida 848 ta, Qo‘shrabot tumanida 684 va Oqdaryo tumanida 455 ta arizalarni ko‘rib chiqish muddatlari kechiktirilgan.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish maqsadida tuman va shaharlar hokimlari, yer resurslari va davlat kadastri idoralari, adliya bo‘limlari, ekologiya va atrofni muhofaza qilish va davlat soliq inspeksiyalari, davlat sanitariya epidemiologiya-nazorati markazlari, qurilish va davlat yong‘in nazorati organlariga zarur ko‘rsatmalar berildi.

Endilikda mazkur masalani viloyat hokimligida har hafta muhokama etilishi belgilandi.