Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Narpay tumanida xorijlik tadbirkorlar bilan qanday hamkorliklar yo‘lga qo‘yilmoqda?

Joriy yilning 8 oyi davomida Narpay tumaniga rossiyalik investorlarning 860 ming AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyasi jalb etilgan.

Xususan, xorijliklar tumandagi “Oqtosh Diyorbek Nur” qo‘shma korxonasining maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi hamda avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi tashkil etish maqsadida 850 ming dollar hamda 1 gektar maydonda zamonaviy issiqxona xo‘jaligini tashkil etish loyihasi uchun 10 ming dollar investitsiya kiritgan.

Shuningdek, “Oqtosh Diyorbek Nur” qo‘shma korxonasi tomonidan 240 ming dollar hamda “Tomsk Narpay” qo‘shma korxonasi tomonidan 90 ming dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.

“Narpay Iftixor sanoati” mas’uliyati cheklangan jamiyati 120 million dollar qiymatdagi sement - qurilish materiali ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirmoqda.

Tuman investitsiya va tashqi savdo bo‘limi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida tekstil va trikotaj mahsulotlari, soya yetishtirish va soya donidan yog‘ ishlab chiqarish, sog‘lomlashtirish kompleksi tashkil etish, bazalt xomashyosidan armatura ishlab chiqarish, xususiy tibbiyot muassasasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bentonit xomashyosidan mineral o‘g‘it ishlab chiqarishni tashkil etish loyiha takliflari ishlab chiqilgan.

Qayd etilishicha, ushbu loyihalar O‘zbekiston Respublikasining Gretsiya, Ispaniya, Turkiya va Xitoy davlatlaridagi elchixonalariga taqdim etilgan. Bugungi kunda Turkiyaning “FERROTEXNIK” kompaniyasi tomonidan 7,5 million dollar mablag‘ asosida 15 gektar maydonda zamonaviy issiqxona tashkil etish loyihasi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Xitoy Xalq Respublikasining “Qingzhou All-win EP Technology Co.,LTD.” kompaniyasi delegatsiyasining Narpay tumaniga tashrifi kutilmoqda. Delegatsiya a’zolari bilan 6 gektar maydonda gidroponika usulida zamonaviy issiqxona xo‘jaligini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkaziladi.