Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Navoiyda karantin qoidalari kuchaytirilmoqda. Poytaxtdan bir guruh shifokorlar yordamga yuborildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori o‘rinbosari boshchiligida yuqori malakali shifokor-olimlar, jumladan, epidemiolog, infeksionist, otorinolaringolog, reanimatolog, pulmonolog, xirurg hamda vrach-laborant kabi qator mutaxassislardan iborat maxsus guruh viloyatga yuborildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatda 107 nafar bemorga shifokorlarimiz tomonidan samarali davolash muolajalari olib borilmoqda.

Viloyatda kasallik asosan beshta o‘choq orqali tarqalganini ko‘rish mumkin: birinchi katta o‘choq Zarafshon shahrida, ikkinchi va uchinchi o‘choqlar Xatirchi tumanida, to‘rtinchi o‘choq Konimex tumanida hamda beshinchi o‘choq Tomdi tumanida yuzaga kelgan.

Zarafshon shahri “qizil” hudud toifasiga kiritilgan. Bundan tashqari, joriy yil 26 may kunida kasalligi aniqlangan bemorlar (31 nafar) bilan muloqotda bo‘lgan 300 nafarga yaqin fuqaro karantinga olingan: shundan 104 nafari uy karantini, 182 nafari esa statsionar karantinga joylashtirilgan. Viloyatning yana qator tuman va shaharlarida ham yuzlab fuqarolar uy va statsionar karantinga olinib, qat’iy tibbiy kuzatuvga olingan.

Shuningdek, epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, tegishli maxsus komissiya qarori bilan joriy yil 8 maydan boshlab, bosqichma-bosqich Zarafshon shahridagi 11 ta mahallada kuchaytirilgan karantin qoidalari saqlab qolinib, transport vositalarining harakatlanishi cheklanishi belgilandi. Bundan tashqari, Xatirchi tumanidagi 6 ta mahallada ham karantin qoidalari kuchaytirilgan.