Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nega magistratura bosqichida o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi?

Bugun, 25 iyul kuni AOKAda tashkil etilgan shtabda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashev ishtirokida brifing o‘tkazilib, hamyurtlarimizning savollariga javob berildi.

Magistratura oliy ta’limga kirmaydimi?! Ushbu anonim murojaatda muallifi nima sababdan magistratura bosqichida o‘qishni ko‘chirish mumkin emas, degan savol bilan bir necha yurist va advokatlarga murojaat qilib, tayinli javob ololmaganini ma’lum qilgan.

Farhod Babashev, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari:

- Respublika OTMlariga, shu jumladan, xorijiy OTMlardan talabalarning o‘qishini ko‘chirish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Mazkur Nizomning 23 (2)-bandiga muvofiq xorijiy oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirilishiga ruxsat etilmasligi belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 2 martdagi 36-son qarori bilan tasdiqlangan Magistratura to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq magistratura talabalariga birinchi o‘quv yilining birinchi ikki oyida magistrlik dissertatsiyalari mavzulari va ularga biriktirilgan ilmiy rahbarlar tasdiqlanadi.

Magistratura talabalarining magistrlik dissertatsiyalarini tayyorlash jarayoni birinchi kursning birinchi semestridan boshlanadi. Magistratura talabalari o‘qishining ko‘chirilishi natijasida ularning qolgan muddatda magistrlik dissertatsiyalarini yangidan belgilangan talablar darajasida tayyorlash imkoni mavjud emas.

Yuqoridagilarga ko‘ra, magistratura bosqichida talabalar o‘qishini ko‘chirish maqsadga muvofiq emas, deb hisoblanadi.