Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Niqob taqish shunchalik qiyinmi? Bilib-bilmay kasallik tarqatuvchi bo‘lib qolmaylik!

Hozir sinov davridamiz. Undan eson-omon o‘tib olishimiz uchun barcha choralar ishga solinyapti. Poytaxt chegaralari yopildi, korxona va tashkilotlar masofaviy ishlash usuliga o‘tdi. Hatto, Senat yalpi majlisi videoselektor tarzida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu menimcha, Senatimiz tarixida birinchisi bo‘lsa kerak.

Karantinni to‘g‘ri tushungan, uning talablariga rioya qilayotgan yurtdoshlarimiz juda ko‘p. Ammo birlamchi talabni bajarmaydiganlar ham uchrab turibdi.

Bugun bozorga tushib, “maska”siz yurgan odamlar kam emasligini ko‘rib, hayron qoldim. Bir-ikkitasiga tanbeh bergan bo‘ldim. Haqini yaxshi biladigan shovvozlar niqobda yurish ertadan majburligini aytib, og‘zimga urishdi.

To‘g‘ri, lekin niqob taqmaganlarga javobgarlik ertadan belgilanadi. Bu bugun “maska”siz yurish mumkin, degani emas. Nahot, niqob taqish shunchalik qiyin bo‘lsa?! O‘z sog‘lig‘imizga, yaqinlarimiz xavfsizligiga bundayin e’tiborsiz bo‘lmaylik. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, agar karantin tadbirlariga rioya qilinmasa, bir kishi bir oy ichida 406 kishiga kasallik yuqtirishi mumkin ekan.

Demoqchi bo‘lganim, bilib-bilmay kasallik tarqatuvchi bo‘lib qolmaylik", deb yozgan @xolisfikr telegram kanali muallifi.