Himoya vositalari - atrof-muhit uchun yangi falokat

Pandemiya plastik chiqindiga qarshi urushga «to‘sqinlik qildi». Birgina Buyuk Britaniyada har oyda taxminan 1500 tonna himoya niqobi va qo‘lqoplar chiqindi sifatida tashlanyapti.

«Shaxsiy himoya vositalari bizning jamiyatimizga qanday ta’sir qilishini kuzatish hayratda qoldiradi. Karantin paytida biz ularni yo‘lda, bekatda, maysazorda ko‘rdik, - deydi Buyuk Britaniyadagi nufuzli kompaniyalardan birining hamraisi Marko Aurisikkio. - Ushbu chiqindining aksariyati asrlar davomida parchalanadigan chiqindixonalarga tashlanadi. Ammo ekotizimga kirib boruvchi ulkan miqdori yerga singadi.

Niqob polietilen paketni ortda qoldirib, chiqindining eng keng tarqalgan turlaridan biriga aylandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, har hafta Buyuk Britaniyada taxminan 102 million dona niqob tashlanadi. Bu 232 ta futbol maydonini qoplash uchun yetarli degani.

Shimoliy London chiqindilar bo‘yicha idora maslahatchisi Klayd Luks buning oddiy yechimini taklif qildi: «Biz odamlarni iloji boricha qayta ishlatiladigan niqoblardan foydalanishga chorlaymiz... Chunki pandemiya paytida ham iqlim bilan bog‘liq favqulodda vaziyatda ekanligimizni unutmaslik va qo‘ldan kelgancha atrof-muhitni ifloslanishdan asrashimiz kerak.

«Kelajakda biologik parchalanuvchi material shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqarilishining uzoq muddatli yechimi bo‘ladi”, deya fikr bildirdi plastik bo‘yicha mutaxassis, professor Jeyson Xallett.

Karantin pandemiyasi plastik ifloslanish darajasini oshirdi. Agar buning yechimi biologik parchalanuvchi materialda bo‘lsa, hukumat shaxsiy himoya vositalariga katta mablag‘ sarflashga tayyor turishi kerak bo‘ladi.

G.Xoldorova tayyorladi.