Kattaqo‘rg‘onda noyob jonivor —olako‘zan hayoti saqlab qolindi
Viloyat ekologiya boshqarmasi xabariga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tumani Polvontepa mahallasida yashovchi N.Boboyev 4 sentyabr kuni kechki payt ishdan qaytayotib noma’lum mitti jonivorga duch keladi.
Uning yurolmayotganini bilgach, uyiga olib keladi va tuman ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi inspeksiyasi davlat inspektorlariga murojaat qiladi.
Davlat inspektorlari borib o‘rganganda ushbu jonivor O‘zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan olako‘zan ekanligi ma’lum bo‘ldi va ushbu jonivor ahvoli qoniqarli holatda qabul qilib olinadi.
Ma’lumot uchun, olako‘zan qishloq xo‘jaligi maqsadida yerlarning o‘zlashtirilishi ortidan keskin kamaygan. Mirzacho‘l, Qarshi cho‘lining katta qismi va Turkiston tog‘ining yonbag‘irlarida ushbu tur jonivorlar yo‘qolib ketgan. Mamlakatimizdagi taxminiy soni 5 mingta atrofida.
Ushbu jonivor boshqarma mas’ullari ko‘magida maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, Zarafshon milliy tabiat bog‘ida yashash uchun qulay hisoblangan hududga keltirilib, tabiat qo‘yniga qaytarilgan.
Xuddi shunday, turli sabablarga ko‘ra Zarafshon milliy tabiat bog‘i reabilitatsiya markazida nazoratda bo‘lgan kichik qirg‘iy va haqqushi ham tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborilgan.