Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘g‘irlikni kasb qilgan yigit endi umrining salkam 6 yilini qamoqda o‘tkazadi

Bundan 18 yil muqaddam Tohir (ismlar o‘zgartirilgan) dunyoga kelganida uni intiqib kutgan ota-onasi va yaqinlari kun kelib farzandi yuzini yerga qaratadigan qilmish qiladi, deb xayollariga ham keltirmagan bo‘lsa kerak. Oiladagi muhit, tarbiyadagi nuqsonlarning o‘z vaqtida bartaraf etilmagani yoki boshqa bo‘shliq sabab bugun u ashaddiy jinoyatchi (retsidivist), deb topildi. Chunki Tohir oltinchi marta sudning qora kursisiga o‘tirdi.

Qonunlarimiz shafqatsiz emas. Sudlanuvchiga nisbatan jazo tayinlashda chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tganlarga boshqa jazoni yengillashtiruvchi holatlar tatbiq etiladi. Qolaversa, amnistiya, afv qarorlariga muvofiq, ko‘plab jazoni ijro etayotganlar jazodan ozod qilinmoqda. Biroq bu yengilliklardan “qayta imkoniyat tug‘ildi” deb, kalta o‘ylaydigan, ma’nan qashshoq kimsalar ham uchrab turadi.

Tohir ilk bor 15 yoshida jinoyatga qo‘l urdi. Unga nisbatan jarima jazosi tayinlandi. Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 24 yilligi munosabati bilan imzolangan amnistiya to‘g‘risidagi qarorga ko‘ra, u bu jarimadan ozod qilindi. Keyin ham JKning turli moddalari bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan yigit qilmishlariga yarasha jazoga tortildi.

Xalqimizning “Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi”, degan naqliga amal qilmagan Tohir ilk jazodan xulosa qilmadi, qayta-qayta jinoyatga qo‘l uraverdi.

Oxirgi tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining ma’lum bir qismi o‘talgandan keyin unga shartli ravishda ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan va u tuman IIB xodimlari nazorati ostida edi. Shunday bo‘lsa-da, yigitga tekin boylik orttirish maqsadi tinchlik bermadi. Avtomashina olishni orzu qildi. O‘zicha mo‘may daromadni qo‘lga kiritish yo‘llarini izlagan bo‘ldi. Boshida mayda o‘g‘irliklar qilib yuribdi. Kattaroq ish qilsa, undan gumon qilishlarini bilib, qo‘shni tumanda o‘g‘irlik qilishni reja qildi. 

Bir kuni u Bulung‘ur tumaniga qatnovchi avtobusga chiqdi. Tumanning Samarqand mahallasida kimsasiz ko‘cha izlashga tushdi. Ko‘p o‘tmay yaxshi ta’mirlangan uyga ro‘baru keldi. Atrof jim-jit, odam bolasi ko‘rinmaydi. Tohir vaziyatdan unumli foydalanib qolishga harakat qildi. Uy darvozasi yonidagi voyishga osilib tomga chiqdi...

Ancha yildan buyon o‘g‘irlik qilaverib, “usta” bo‘lib ketgan yigit odamlarning pullarni qayerda saqlashini yaxshi bilardi. Uning taxminlari to‘g‘ri chiqdi. Mehmonxonaga bir ko‘z tashlab, yotoqxonaga o‘tdi. Kravot ustidagi yostiqni ko‘targandi, pulga ko‘zi tushdi. Qog‘ozga o‘ralgan 7 ming AQSh dollari, 300 yevroni olib, mehmonxona derazasi orqali chiqib ketdi.

Keyin yaxshigina o‘ljani qo‘lga kiritgan Tohir shaharga keldi. Tanishi Azim bilan qo‘ng‘iroqlashib, uning ijara uyiga bordi.

- Mashina olmoqchi edim, lekin pasportim yo‘q. Shuning uchun seni nomingga olsam degandim, - dedi Tohir.

- Mashinaga pulni qayerdan olding? Hech joyda ishlamasang, - deya shubha bildirdi Azim.

- Yaxshi ko‘rgan qizim Amerikadan yubordi.

Azim pullarni ko‘rgach, ishondi. Birgalashib “Marhabo”dagi avtomashina sotish joyiga keldi. Sotuvdagi “Spark” mashinasini 4.500 AQSh dollariga savdolashishdi. Kech bo‘lib qolgani uchun mashinani ertasi kun soat 9:00 larda olib ketishga kelishishdi.

Ikki oshna shu kuni rosa yayrashdi - restoran, bar, diskotekaga borishdi...

Ertalab hammasi o‘qishga, ishga chiqib ketgan oila a’zolaridan biri Bahora maktabdan qaytib, uyiga kimdir kirganini payqadi. Tezda onasiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berdi. Ona turmush o‘rtog‘idan uyidan pul olgan, olmagani haqida so‘radi. Ayol uyiga kelganda yaqinda sotgan avtomashinasining pullari yo‘qligini bildi. Ular holat yuzasidan IIBga murojaat qildi.

Oradan 10 kunlar o‘tib Tohir yana Bulung‘urga keldi. Bu gal boshqa mahallani kezdi. Atrofni zimdan kuzatib, hech kim yo‘qligida bir qulflangan uyning akfa romini o‘zi bilan olib kelgan otvyortka bilan buzib ochdi. Shu yerdan ichkariga kirdi. Mehmonxonadagi shkafni titib, hech nima topolmadi. Keyin yotoqxonaga o‘tganida yotoq mebeli ostida kichik po‘lat sandiq (seyf) turganini ko‘rdi. Seyfning orqasiga “yashirilgan” kalitni topib, undagi 250 AQSh dollari, 150 000 so‘m va 900 rublni, xonadagi shkafdan 450 000 so‘mni olib chiqib ketdi.

Shaharga kelib valyutalarni so‘mga almashtirdi. “GUM”ga kirib elektr tokida ishlaydigan chilim oldi. Tanishi Zafar ikkovi parkni aylanishdi, ovqatlanishdi. Barcha xarajatlar Tohirning hisobidan bo‘ldi.

Ertasi kun IIB xodimlari kelib, Tohirni qo‘shni tumanda sodir bo‘lgan o‘g‘irliklarda gumondor sifatida Bulung‘ur tumani IIB ma’muriy binosiga olib kelishdi. Chorasiz qolgan yigit qilmishlarini birma-bir so‘zlab berdi.

Sudda jabrlanuvchilar yetkazilgan zararlar to‘liq qoplab berilgani, sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligini bayon qilishdi.

Sud hukmi bilan Tohir 5 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Farhod XUDOYBERDIYEV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Bulung‘ur tumani sudi raisi.