Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘ksik qalblar quvonchga to‘ldi

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Samarqand shahridagi Mehribonlik uylarida karantin qoidalariga qat’iy rioya qilingan holda xayriya tadbirlari tashkil etildi.

1-mehribonlik uyida Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi hamda "Samarqand Farovon Savdo" mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov, "Samarqand Farovon Savdo" MChJ rahbari Narziqul Xoliqov so‘zga chiqib, tarbiyalanuvchilarni quvonchli ayyom bilan tabrikladi. Barcha tarbiyalanuvchilarga, jumladan, o‘quv yili davomida bilimi, iqtidori bilan tengdoshlariga namuna bo‘lgan o‘quvchilarga o‘quv qurollari, sport anjomlari, bolajonlarga turli o‘yinchoqlardan iborat sovg‘alar topshirildi.

Ushbu Mehribonlik uyining ilk qaldirg‘ochlari - 7 nafar 11-sinf bitiruvchilariga oliy ta’lim muassasalarida davom etajak o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab, ilk bor 1-sinfga qadam qo‘yadigan jajji kichkintoylarga oq yo‘l tilandi. Tadbir tantanalarga bog‘landi.

Xuddi shunday tadbir 10-mehribonlik uyida ham bo‘lib o‘tdi. S.Usmonov tarbiyalanuvchilarni bayram bilan tabriklab, homiylarning esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Iqtidorli tarbiyalanuvchilar tomonidan ajoyib raqs va kuy-qo‘shiqlar, she’rlar ijro etildi. Mehmonlarning tashrifi, ulashilgan sovg‘alar murg‘ak qalblarga bir olam quvonch ulashdi.

 

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.