Olis va chekka hududlarda kimlarga imtiyozlar beriladi?

Boshlang‘ich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasi soliq to‘lovchining jami daromadiga kiritilmaydi hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining soliq solish ob’yekti hisoblanmaydi.

Bu haqda davlatimiz rahbarining joriy yil 11 yanvardagi “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida qator chora-tadbirlar belgilangan.

Xususan, byudjet tashkilotlariga ishga qabul qilingan oliy ma’lumotli mutaxassislarga bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 50 baravari (11 million 150 ming so‘m) miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik uchun BHMning 2 baravari (446 ming so‘m) miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi to‘lanadi.

Oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga ishga qabul qilingan shifokorlarga kamida 3 yil ishlab berish sharti bilan 30 million so‘m miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli, uy-joyi bo‘lmaganlarga esa 3 yil davomida xizmat uy-joylari beriladi yoki BHMning 2 baravari (446 ming so‘m) miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi to‘lanadi.

Boshlang‘ich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasi soliq to‘lovchining jami daromadiga kiritilmaydi hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining soliq solish ob’yekti hisoblanmaydi.

Mazkur imtiyozlardan oliy ta’lim muassasasining bakalavriati yoki magistraturasini (ta’lim shaklidan qat’i nazar – kunduzgi, sirtqi, kechki, shuningdek, ikkinchi mutaxassislik) tamomlaganidan keyin uch yil mobaynida olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlari, shu jumladan, tibbiyot muassasalariga ishga kirgan bitiruvchilar foydalanish huquqiga ega.

Uy-joy uchun har oylik pul kompensatsiyasi mutaxassis ishga qabul qilingan oydan boshlab 36 oygacha to‘lanadi.

Oliy ma’lumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimi tegishliligi bo‘yicha olis va chekka hududda joylashgan bir byudjet tashkilotidan yoki tibbiyot muassasasidan boshqasiga o‘tkazilganida, har oylik pul kompensatsiyasini to‘lash belgilangan muddat tugagunga qadar davom ettiriladi.

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 martdan ta’lim sifati past maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilinadi.

Bunda bir viloyat doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz, boshqa viloyatdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustamalar to‘lanadi.

Boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar ular borgan maktab ta’lim sifati past maktablar ro‘yxatidan chiqarilgan yildan keyingi yil uchun ham to‘lanadi.

Olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlari va tibbiyot muassasalarida bo‘sh ish o‘rinlari yuzasidan ma’lumotlar har oy yakuni bo‘yicha keyingi oyning 5-kuniga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari veb-saytlarida joylashtirib boriladi.

Bahodir Qarshiyev,

viloyat hokimligi yuridik xizmati bosh yuriskonsulti.