Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oliy Majlis Senati a’zolari Kattaqo‘rg‘onda mahalla faollari bilan uchrashdi

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ro‘ziboy Saidov, qo‘mita a’zosi, senator Nigora Rabbimovalar Kattaqo‘rg‘on shahrida mahalla faollari, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Shahardagi musiqa va san’at maktabida o‘tkazilgan uchrashuvda Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida qabul qilingan hujjatlarning mazmun-mohiyati xususida so‘z yuritildi.

Ta’kidlandiki, 31 ta masala ko‘rib chiqilib, 19 ta qonun ma’qullandi. Mazkur qonunlarning 12 tasi yangi, 5 tasi amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida va 2 tasi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro hujjatlarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatlardir.

Shuningdek, uchrashuvda to‘ylar, oilaviy ma’raka va marosimlar masalasi ham muhokama qilindi. Ya’ni, to‘ylarda ortiqcha dabdaba, isrofgarchilik kabi holatlarning oldini olish dolzarb masalaga aylangan. Shu jihatdan, keng jamoatchilikning taklif va talabi asosida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi.

- To‘y va oilaviy marosimlardagi ortiqcha dabdaba, isrofgarchilik holatlari ko‘p yillardan buyon jamiyatimiz rivojiga to‘siq bo‘lib kelmoqda, - deydi Ro‘zibov Saidov. – Xabaringiz bor, bu masalaga Oliy Majlis Senati tomonidan 2018 yildan buyon jiddiy e’tibor qaratilib, tegishli qarorlar qabul qilingandi.

Mazkur hujjatlarda mas’uliyat, asosan, jamoatchilik, hududlardagi komissiyalar zimmasiga yuklatilgandi. Afsuski, bu kutilgan natijani bermadi. To‘g‘ri, o‘sha vaqtda dabdabalar bir oz pasaygandek bo‘ldi-yu, biroq to‘y va oilaviy marosimlarda yana kimo‘zarga tadbir o‘tkazish, isrofgarchilik kabi holatlar avj oldi.

Shu bois, parlament palatalari tomonidan aniq normalar belgilab qo‘yildiki, bu bilan mutasaddi tashkilotlarga to‘y va boshqa marosimlarni ixcham o‘tkazishni ta’minlash mas’uliyati yuklandi.

O‘zaro muloqot davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida Saylov kodeksining mazmun-mohiyati xususida ham so‘z yuritildi.

Senat a’zolari shahardagi 1-sektor shtabida bo‘lib, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, umuman, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Yoqub MARQAYeV.