Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘qituvchi va murabbiylar kuni oldidan: Mana, murabbiy chempionlarni qanday tarbiyalashi kerak?

Sport zalida 30-40 chog‘li bola mashg‘ulotda qatnashmoqda. Har bir bolaning xatti-harakatini kuzatib turgan murabbiy zarur bo‘lsa, ularning oldiga borib ko‘rsatmalar beradi. So‘ng bolalar o‘rgangan usullarni bir-biri bilan kurashib, sinab ko‘radi.

– Endi hamma diqqat qilsin, kim-kim bilan kurashishi ma’lum, – deya murabbiy bolalarni o‘ziga qaratadi. – Tasavvur qiling, jahon chempionati finalidasiz. G‘alaba qilsangiz dunyoda tengsiz bo‘lasiz, siz uchun O‘zbekiston bayrog‘i baland ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangraydi. Buning uchun bor kuchingizni, mahoratingizni ishga solib, raqibingizni yengishingiz kerak. Bu g‘ururni, faxrni tuyish uchun sizda besh soniya vaqt bor. Shu qisqa vaqt oralig‘ida kim epchil va chaqqon bo‘lsa, g‘alabaga erishadi. Qani, diqqat! Boshladik!

Murabbiy hushtak chaladi va bolalarni olqishlab, tezroq harakat qilishga chorlaydi. Sport zalidagi gilamning goh u, goh bu tomonidan “tap-tap” etgan ovoz, raqibini yiqitgan bolalarning hayqirig‘i eshitiladi.

Birozdan so‘ng yana shu jarayon takrorlanadi. Bu gal dastlabki bellashuvda mag‘lub bo‘lgan bolalar g‘alaba qozonadi. Ular ham go‘yo chempion bo‘lgandek gilamda sakraydi...

– Barakalla, chempionlar! Siz O‘zbekistonimiz sharafini munosib himoya qildingiz, siz jahonda tengsiz. Ana shu ruhda davom etamiz!..

Pilla yetishtirish vaqtidagi musobaqa

Oqdaryo tumanidagi bolalar-o‘smirlar sport maktabining yunon-rim kurashi bo‘yicha murabbiysi Ural Ziyoyev o‘zini chempiondek his qilayotgan, g‘ayrat-shijoati jo‘shib mashg‘ulotda qatnashayotgan yosh shogirdlarining harakatlarini kuzatib, ularga zavqlanib qaraydi, o‘zining bolaligini yodga oladi. Gohida uy yumushlari va dala ishlaridan qochib, sport mashg‘ulotlariga qatnashgani, ming azobda musobaqalarga borganini eslaydi.

U polvonlar sulolasining vakili. Ota-bobolari Urgutning tog‘li Sevazsoy qishlog‘ida yashagan, shu yerda taniqli polvon bo‘lgan. Lekin keyinchalik ularning oilasi Oqdaryoning Olchin qishlog‘iga ko‘chib kelib, shu yerda yashab qolgan. Otasi Abulqosim aka va onasi bir umr jamoa xo‘jaligida ishlab paxta yetishtirgan, pilla boqqan. Tabiiyki, 11 nafar bolalar ham yoshligidan ota-onasi yoniga kirib, shu ishlar bilan mashg‘ul bo‘lgan. Qonida bor emasmi, oilada o‘sayotgan o‘g‘illar bir-biri bilan kurash tushib, o‘zaro bel olishib voyaga yetdi. Ammo ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun imkoniyati, sharoiti bo‘lmagan.

– Toshkentboy akam va men sportga juda qiziqardik, – deb yoshlik yillarini eslaydi Ural Ziyoyev. – Ammo hozirgidek sharoit qayerda, deysiz? Oilaviy zveno bo‘lib kolxozda paxta yetishtirish, pilla boqish bilan band bo‘lardik. Ota-onam, butun oilamiz shu ishga berilib ketardik. O‘sha paytda faqat bizning emas, qishloqda hammaning hayoti shunday edi. Umrimiz dalada, ish bilan o‘tardi.

Bir yili kolxoz raisi oilamizga radio sovg‘a qildi. Shundan keyin ota-onam “mana bizga rais sovg‘a berdi, endi yanayam yaxshi ishlashimiz kerak”, deb butun jon-jahdi bilan mehnat qilardi. Bizni ham shunga undardi. Ammo ishdan bo‘sh bo‘ldik deguncha (ba’zida ishni ham tashlab qochib ketardik) sport zalga chopardik, men akrobatika bilan, akam sambo bilan shug‘ullanardi. Keyin kurashga, yunon-rim kurashiga o‘tib ketdim. Birinchi murabbiyim Dilshod Abzalov bo‘lgan, shu inson meni qo‘llab-quvvatlab, ruhlantirgan.

1977 yil. Maktabning 8-sinfini bitirayotgan Ural Ukrainada o‘tkaziladigan musobaqaga borishiga to‘g‘ri keldi. Bu haqda otasiga og‘iz ochgandi “Ko‘ryapsan bolam, hozir pilla vaqti, har kimning o‘z yumushi bor, Shu musobaqangga bormasang hech narsa bo‘lmas, keyingilariga borarsan” dedi Abdusalom aka.

Ural esa musobaqaga borishni juda-juda istardi. Keyin oraga murabbiy, maktabdagi boshqa o‘qituvchilar qo‘shildi va Abulqosim aka o‘g‘lini bellashuvga yuborishga rozi bo‘ldi. Ural ustozlari va ota-onasi ishonchini oqladi - musobaqadan sovrindor bo‘lib qaytdi. Shundan so‘ng uning hayot yo‘li sport bilan bog‘liq ekanligi oydinlashdi. Ota-onasi ham uni qo‘llab-quvvatladi.

– Hozir bolalarning ota-onasi sport to‘garaklariga boshlab keladi, – deydi Ural aka. – Uyida ham bolasi sharoit qilib berishgan. Bunday imkoniyatdan foydalanib, faqat natija ko‘rsatish kerak. Shu bolalar natija ko‘rsatmaganda ham xafa bo‘lish kerak emas, aslida. Chunki sport bilan shug‘ullangan bola avvalo sog‘lom bo‘ladi, jismonan va ruhan chiniqadi, hayotda qoqilmaydi.

Ana shunday paytda yoshligimdagi bir holat yodimga tushadi. Qaysidir bir musobaqaga tayyorgarlik ko‘rayotgandim. Vaznim oshib ketgani uchun biroz og‘irlikni tashlashga to‘g‘ri keldi. Yoz payti edi. Ertalab qalin qishki kiyimlarni kiyib, boshimga telpakni bostirib, ko‘chada yugurib ketayotsam, qo‘shinimiz ko‘rib qoldi. Salom berib, o‘tib ketdim. Qishloqni aylanib yugurib, kiyimlarimni almashtirayotsam, otam menga qarab turib “O‘g‘lim, bir vaqt topib, do‘xtirga o‘tib kelishimiz kerak-da, sog‘lig‘ing yaxshimi o‘zi” deb so‘radi. Bu gapdan akam kulib yubordi va nima uchun bunday holatda yugurayotganimni otamga tushuntirib bergandi. Keyin bilishimcha, meni yo‘lda uchratgan qo‘shnimiz otamga “o‘g‘lingizning tobi yo‘qmi, qishki kiyimda yugurib yuribdi”, degan ekan.

Orzularimni shogirdlarim ushaltirdi

Uralning sport bilan shug‘ullanishini ota-onasi qo‘llab-quvvatlay boshlagach, u butun borlig‘ini kurashga bag‘ishladi. Shu sabab jismoniy tarbiya institutida o‘qidi, respublika chempioni bo‘ldi, ko‘plab xalqaro musobaqalarda qatnashdi. Ammo jahon chempioni bo‘lish, olimpiadada qatnashish unga nasib etmadi.

– Sobiq ittifoq davrida ko‘p yig‘inlarda ishtirok etardik, xalqaro turnirlarga tayyorgarlik ko‘rardik, – deydi Ural Ziyoyev. – O‘zim tengilarning barchasini yiqitolsam-da, terma jamoaga boshqalar jalb etilardi. Bu adolatsizlikni ko‘rib, hech narsa qilolmay O‘zbekistonga qaytib kelaverardik. O‘shanda vaziyat shunday edi, biz kabi ko‘plab sportchilarning terma jamoaga kirishi juda qiyin, ushalmas orzu edi. Shunday paytlarda “qachon biz ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro musobaqalarda qatnashamiz, shunday kunlar nasib etarmikan”, deb o‘ylardim.

Yaratganga shukr, davlatimiz mustaqil bo‘lib, orzularimiz ushaldi. Biz borolmagan jahon birinchiliklari shogirdlarimizga nasib etdi. 1991 yilda shogirdim Navro‘z Usmonov Ispaniyaning Barselona shahrida o‘tkazilgan yunon-rim kurashi bo‘yicha jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. 1997 yilda Vengriyadagi jahon birinchiligida Zafar Ochilov uchinchi o‘rinni egalladi. Keyingi yillarda esa iqtidorli shogirdlarimdan yana biri Ilhom Bahromov o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Osiyo chempioni, II o‘smirlar Olimpiadasida g‘olib bo‘ldi, jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Islom Bahromov ham Osiyo va jahon birinchiliklarida g‘alabali odimlarini davom ettirmoqda.

Yana ko‘plab shogirdlarim Osiyo va jahon chempionatlari g‘olibi bo‘lib, o‘zbek kurashchilarining qanday kuch va mahoratga ega ekanligini ko‘rsatganda ichimga sig‘may ketaman, armonlarim unut bo‘ladi. Ular tufayli 22 yoshimda xizmat ko‘rsatgan murabbiy bo‘ldim. II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandim.

Davlatimiz rahbarining farmoniga ko‘ra, Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligi arafasida Ural Ziyoyev “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” unvoniga sazovor bo‘ldi. Ural akaning aytishicha, bu xushxabarni ham unga avvalo shogirdlari yetkazib, tabriklabdi.

Polvonlar sulolasining davomchilari bor

  Ural aka 1984 yildan buyon Oqdaryo tumanidagi bolalar-o‘smirlar sport maktabi yunon-rim kurashi murabbiyi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. O‘tgan yillar davomida uni Samarqand, Toshkent shaharlaridagi olimpiya zahiralari tayyorlash markazlariga, nufuzli joylarga ishga taklif qilishdi. Ammo u o‘z o‘rnini shu yerda deb bildi, eng quyi tizimda iste’dodli sportchilarni aniqlash va ularni tarbiyalashga e’tibor qaratdi.

– Maktabimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ellik nafardan ortiq murabbiylar orasida Ural akaning alohida o‘rni bor, – deydi Oqdaryo tumanidagi bolalar-o‘smirlar sport maktabi rahbari Husan Bo‘ronov. – Bizga sport sohasida ham, hayotda ham murabbiylik qilib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib kelmoqda. Oqdaryoda yunon-rim kurashi bo‘yicha maktab yaratilishi va ko‘plab chempionlar chiqishida Ural akaning xizmatlari beqiyos va biz bu inson bilan faxrlanamiz. Chempionlar ustozi, deb o‘zgacha hurmat-ehtirom ko‘rsatiladi u kishiga.

Ural Ziyoyev   turmush o‘rtog‘i Tursunoy opa bilan to‘rt farzandni kamolga yetkazdi, o‘qitdi, uyli-joyli qildi. Uch qizi oila qurib, o‘z hayot yo‘lidan ketmoqda. O‘g‘li Jahongir ota izidan bormoqda - Samarqand shahridagi olimpiya zahiralari tayyorlash markazida murabbiylik qiladi. Yetti nafar nabira orasida bobosi kabi kurashchi bo‘lib, jahon chempioni bo‘lishni orzu qiladiganlari bor.

– Ilohim, niyatingizga yeting, bolalarim deyman ularga, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi Ural Ziyoyev. –Axir hozir sport bilan shug‘ullanish uchun shuncha imkoniyat, shuncha sharoit bor. Davlatimiz rahbarining o‘zi sportga, sportchilarga katta e’tibor qaratyapti. Bunday yurtdan faqat chempionlar chiqishi kerak, farzandlarimiz sport bilan shug‘allanib, har jihatdan sog‘lom va baquvvat bo‘lishi lozim.

G‘olib HASANOV,

Alisher ISROILOV (foto).