Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ozarbayjonda "O‘zbekiston kinosi kunlari" bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 17-24 noyabr kunlari Ozarbayjonda "O‘zbekiston kinosi kunlari" haftaligi bo‘lib o‘tadi. Tadbirda 10 ta (6 ta badiiy, 4 ta hujjatli) o‘zbek filmlari namoyish etiladi.

"O‘zbekiston kinosi kunlari"ni o‘tkazish rejasi joriy yilning 21-28 sentyabr kunlari O‘zbekistonning Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan “Ozarbayjon kinosi kunlari” haftaligida kelishilgan edi.

Ozarbayjonlik kinomuxlislarga Abduxalil Mignorovning "Abu Iso Muhammad Termiziy", Umid Hamdamovning "Issiq non", Zulfiqor Musoqovning "Berlin-Oqqo‘rg‘on", Hilol Nasimovning "Hayot" kabi badiiy filmlari taqdim qilinadi.

O‘zbek va ozarbayjon xalqlarining madaniyati, tili, qadriyatlari bir-biriga o‘xshaydi. O‘zbek tomoshabinlari “Qaynona”, “Arshin mol olon”, “Ahmad qayerda?” kabi ozarbayjon filmlarini haligacha zavq bilan tomosha qiladi. Sentyabrda bo‘lib o‘tgan "Ozarbayjon kinosi kunlari" tadbiri davomida o‘zbek tomoshabinlari ozarbayjonlik kinoustalarining yangi filmlari bilan tanishishgan bo‘lsa, Ozarbayjonda bo‘layotgan "O‘zbekiston kinosi kunlari" haftaligida qardoshlarimiz shunday imkoniyatga ega bo‘lishadi.

Barno O‘NGBOYEVA.