Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston tumanidagi tug‘ruqxonada ayollar va chaqaloqlar polda yotib davolanyaptimi? Ushbu holatni SSV izohlab berdi

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyat O‘zbekiston tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruqxona bo‘limida ayollar va chaqaloqlar shifoxona muolaja xonasida pol qismida yotib davolanayotgani aks etgan videolavha tarqalgan edi. Farg‘ona viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida ishchi guruhi tuzildi va quyidagilar aniqlandi.

O‘zbekiston tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruqxona bo‘limi 120 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ayni paytda bu yerda 20 o‘rinli ginekologiya xonalarida 18 nafar, 40 o‘rinli patologiya xonalarida 38 nafar va 60 o‘rinli tug‘ruqxonalarida 52 nafar bemor davolanmoqda. Ushbu bo‘limlarning barchasida zamonaviy sharoitlar yaratilgan.

Dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra, TTBning mazkur bo‘limida shu yilning 31 avgustidan 3 sentyabriga qadar jami 42 nafar ayolda tug‘ruq holati qayd etilgan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ayni paytda O‘zbekiston tumaniga yondosh hisoblangan qo‘shni Furqat tumanidagi tug‘ruqxonada ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Shu bois, ushbu hududdagi homilador ayollar uchun O‘zbekiston tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruqxona bo‘limida qo‘shimcha yana 10 ta o‘rin-joy zaxirasi shakllantirilgan. Biroq, aynan 31 avgustdan 3 sentyabr kunlari tug‘ruqxonaga murojaat qilgan ayollarning soni ortgan.

Qolaversa, ushbu sanalarda bayrami munosabati bilan dam olish kunlari e’lon qilinganligi sababli tuman FHDYo bo‘limidan tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning olish imkoniyati bo‘lmagan. Bu esa, o‘z navbatida, yangi tug‘ilgan chaqaloq va uning onasiga uyiga ketishiga ruxsat berilmasligini anglatadi. Shu bois, O‘zbekiston tuman tibbiyot birlashmasining tug‘ruq majmuasida bemorlarning soni ortgani va tug‘ruq majmuasi o‘rinlarining mavjud imkoniyatlari chegaralanganligi, eng muhimi, to‘lg‘oq bilan kelgan homilador ayollarga tezkorlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish zarurati sabab bir necha nafar ayolga ma’lum muddat binoning muolaja xonasida vaqtincha dam olishi uchun joy tayyorlangan. Ammo bu holat tezlikda bartaraf etilib, homiladorlar va ko‘zi yorigan ayollar maxsus xonalarga joylashtirilgan.

Ayni paytda tug‘ruqxona bo‘limida barcha shart-sharoitlar yetarli, ayollar va chaqaloqlar maxsus o‘rin-joylarda yotib davolanishmoqda. Ularga malakali shifokorlar tomonidan tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan kelgusida yuqoridagi singari holatlarning oldini olish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni zamon talablari darajasida tashkil etish maqsadida  tuman tibbiyot birlashmasi mutasaddilariga tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.