Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekistonda 573 bemor koronavirusdan davolanmoqda, 4 nafarining ahvoli og‘ir

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov karantin tadbirlari birmuncha yumshatilganidan to‘g‘ri xulosa chiqarishga chaqirdi:

– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 3078 nafarga yetdi. 2492 nafar, ya’ni 81 foiz bemor to‘liq sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda 573 bemor davolanmoqda, 4 nafarining ahvoli og‘ir.

Bizga qo‘shni davlatlar, xususan, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalarida koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyat o‘ta murakkabligicha saqlanib turibdi.

Karantin tadbirlari davom etayotganini bila turib, guruh-guruh bo‘lib to‘planish, xonadonma-xonadon yurish, ko‘chaga doka niqoblarsiz chiqish yoki uni taqish qoidalariga rioya etmaslik, uyga qaytganimizda qo‘llarimizni antiseptik vositalar bilan zararsizlantirmaslikning oqibatlari yaxshi bo‘lmaydi. Bir-birimizni bayram bilan qutlagimiz, ko‘rishgimiz, bag‘rimizga bosgimiz keladi. Lekin hozir buning mavridi emas. Aynan mana shu harakatlarimiz epidemik vaziyatni murakkablashtirib yuborishi mumkinligini yoddan chiqarmang.

Atrofimizda kasallikka chalinganlar yo‘qligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Ikki kun oldin Navoiy viloyatida 15 holatda, Samarqand viloyatida 13 holatda aholi orasida koronavirus kasalligi aniqlandi. Buni yuqoridagi fikrlarimizning isboti sifatida qabul qilishingizni so‘rardik.