Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekistonda diniy tuyg‘ular va muqaddas manbalar tahqirlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi

So‘nggi vaqtlar ijtimoiy tarmoqlarda dinga oid mavzularda turli chiqishlar ko‘payib bormoqda. Din ishlari bo‘yicha Qo‘mita O‘zbekistonda Qur’oni karimning ayrim oyat va suralarni taqiqlash kerakligi haqidagi fikrga javob berdi.

Avvalo, diniy ta’limot o‘ta nozik va hassos bo‘lgani tufayli muayyan din nomidan va uning mohiyati haqida faqatgina mutaxassislar munosabat bildirishlari maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Shuni qayd etish lozimki, O‘zbekiston fuqarosi (u kim bo‘lishidan qat’iy nazar) Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishi, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdir.

Yurtimiz hududida diniy manbalar, qadriyatlar, muqaddas tuyg‘ular hurmat qilinishi shart. Ularga nisbatan haqoratli so‘z ishlatish, yomon munosabatda bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston aholisining 90 foizidan ortig‘i Islom diniga e’tiqod qiladi. Yurtimizda mo‘min-musulmonlar uchun diniy ahkomlarni ado etish uchun keng imkoniyat yaratilgan. Keyingi yillarda ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat yurtimiz aholisi, balki butun musulmon dunyosi tomonidan e’tirof etilmoqda.

Taassufki, mo‘min-musulmonlarning haq-huquqlariga katta e’tibor berilayotgan bir davrda ularning e’tiqodlariga taalluqli masalalarda keng jamoatchilik orasida salbiy ruhdagi, keskin bahs va munozaralarga sabab bo‘ladigan fikr-mulohazalarning ifoda etilishi tashvishlanarli hol.

“Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi “Safar Kattaboyev” nomli profil egasi tomonidan O‘zbekistonda Qur’oni karimning ayrim oyat va suralarni taqiqlash kerakligi yuzasidan bildirgan qarashlari ommaviy muhokamaga sabab bo‘lmoqda.

Qur’oni karim – Alloh taoloning muqaddas kitobi. Undagi sura va oyatlarni insonlar tomonidan ta’qiqlashga urinish, Qur’oni karimga nisbatan bunday fikr aytish mantiqsizlik. Jamiyat mavjud ustuvor g‘oyaga qarshi fikrlar tashlash oqibatida, noroziliklar kelib chiqishi, ixtiloflar yuzaga kelishi mumkinligi voqe’likda ma’lumdir. Tarixda esa shunday ishlarning yakuni qanday ayanchli yakun topgani ko‘pchilikka ma’lum.

Bugungi O‘zbekiston butun dunyoga o‘zining haqli ravishda bebaho tarixi va madaniyatini taqdim etar ekan, albatta, islom ta’limotiga o‘zining beqiyos hissasini qo‘shgan alloma ajdodlari va ularning asarlari bilan faxrlanadi. Dunyoni o‘ziga jalb etayotgan islom me’morchiligi va san’ati bilan ziyorat turizmini kuchaytirmoqda. So‘nggi yillarda aynan islom dini bilan bog‘liq bo‘lgan diniy-ma’rifiy muassasalar – Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Abul Mu’in Nasafiy ilmiy markazi, Xalqaro islom akademiyasi tashkil etilgani xalqimiz va xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda. Bularning barchasi xalqimiz tarixini to‘g‘ri anglatish va e’tiqodini to‘g‘ri shakllantirishga qaratilgan.

Yana bir muhim jihatni yodda saqlash zarur. Internet tarmoqlaridagi voqea-hodisalarga fikr-mulohaza bildirish asnosida ehtiroslarga berilmasdan, donishmandlarcha vazmin va og‘ir-bosiq bo‘lish lozim. Sof e’tiqodli, keng dunyoqarashli kishi bunday vaziyatda qalb va aql amri bilan ish tutadi. Hissiyot va fitnaga solmoqchi bo‘lganlarga imkon berish aqldan emas. Shu o‘rinda, muqaddas Qur’oni karimni o‘zgarishsiz saqlanishi haqidagi Hijr surasidagi: «Albatta, bu zikrni (ya’ni Qur’onni) Biz o‘zimiz nozil qildik va uni O‘zimiz saqlaguvchimiz» oyatini eslagan holda, hadisi sharifda aytilganidek “Mo‘min kishi oqil, farosatli, ziyrak va hushyor bo‘ladi”.

So‘zimiz yakunida “Safar Kattaboyev” nomli profil egasi va internet foydalanuvchilarini Islom dinining mo‘’tabar manbalari va qadriyatlariga taalluqli mavzularda salbiy bahs-munozaralar keltirib chiqaradigan fikrlarni tarqatishdan saqlanishga qat’iy chaqiramiz.

Zero, O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunida fuqarolarning diniy e’tiqodi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlash, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish, amaldagi qonun hujjatlarida millatlararo adovat uyg‘otish, axloqiy negizlarni va fuqaroviy totuvlikni buzishda, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalarni tarqatish ifodalangan xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun ham javobgarlik belgilanganligini sira unutmaslik kerakligi to‘g‘risida ogohlantirib o‘tamiz.