Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekistonliklar ichki organlarini Qozog‘istonda sotgan shifokor qo‘lga olindi

Qozog‘iston politsiyasi xodimlari Chimkent shahridagi 1-kasalxona bosh shifokori Abilay Donboyni qo‘lga olishdi. U JKning ikki moddasi bo‘yicha: transmilliy jinoiy guruhda ishtirok etish va inson ichki a’zolarini noqonuniy olishda gumonlanmoqda. Bu haqda Sputnik Qozog‘iston xabar qilmoqda.

Sudga qadar surishtiruv davomida 2017-2018 yillarda mamlakat hududida inson a’zolari transplantatsiyasi sohasida jinoiy guruh noqonuniy faoliyat yuritgani aniqlangan. Guruh tarkibiga boshqa davlat fuqarolari ham kirgan.

Donor sifatida moddiy sharoiti og‘irligi tufayli o‘z a’zolarini sotishga majbur bo‘lgan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ukraina fuqarolari jalb etilgan. Ichki a’zolarni xorijiy davlatlarning, asosan, Isroilning o‘ziga to‘q kishilari sotib olishgan.

Tergovda Abilay Donboy jinoiy guruh a’zolari bilan til biriktirib, katta pul evaziga ichki a’zolarni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha noqonuniy jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazgani aniqlangan.

Avvalroq mazkur ish doirasida transplantolog shifokor Gani Kuttimuratov va jinoiy guruhning yana bir a’zosi Qirg‘iziston fuqarosi B.T. Taysalova hibsga olingan.

Hozirda jinoyat ishini oxiriga yetkazish va sudga oshirish choralari ko‘rilmoqda.