Qashqadaryoda talaba "hokim" bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv ko‘tarildi, sensatsiya desak ham bo‘ladi. Qashqadaryoda yoshlar, asosan, talabalar viloyat va tuman hokimlari o‘rnida 2 hafta davomida viloyat va tumanlarni boshqarar ekan...
Bir necha kun oldin shu xabarga ko‘zimiz tushganda, e’tibor bermagandim, navbatdagi “piar” deb. Negaki, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev keyingi paytda juda ko‘p marta internetda muhokama qilinayotgan edi.
Lekin, nima bo‘lganda ham qoyil qolish kerak! Biz, samarqandliklar, shuningdek, jurnalistlar Zoir Mirzayevni juda yaxshi bilamiz, hurmat qilamiz va u kishini Samarqanddan yetishib chiqqan kadr, deb hisoblaymiz. Shahar va viloyat hokimi bo‘lganida xizmat yuzasidan u kishi bilan ko‘p marta tadbirlarda uchrashishga va ma’lumot olishga to‘g‘ri kelgan. Kuzatuvlarimizga ko‘ra, Mirzayev avval boshdan yoshlar bilan yaxshi kelishardi va jurnalistlarga juda katta e’tibor bilan qarardi.
Endi yoshlar haqida so‘z...
Katta avlod vakillaridan yoshlarning aksariyati, ayniqsa, talabalarning ayrimlari haqida ko‘pincha negativ fikrlar eshitishga o‘rganib qolibmiz, shekilli. Mas’uliyatsiz, havoyi, bir maqsadi yo‘q, deyishadi. Lekin yoshlar bilan ishlayotganimga bir yildan ziyodroq vaqt bo‘libdiki, ular haqidagi fikrlarim yaxshi tomonga o‘zgardi. Talabalar – yoshlarning eng ilg‘or qatlami bo‘lsa, ularning ayrimlariga faqat havas qilish mumkin. Chet tillarni mukammal bilishi, axborot texnologiyalaridan yaxshi xabardorligi, zamonaviy bilimlarni egallaganligi va boshqa ko‘p jihatlari bilan ular ko‘pchilikdan ancha oldinda. Ularning imkoniyatlari shuncha kattaki, buni tasavvur etish qiyin.
Talabalik davrimizda bizni amaliyot o‘tash uchun hokimiyat tizimiga ham yuborishgan. U yerda qanday “boshog‘riq”lar bo‘lishini ham o‘shanda ko‘rganmiz! Demak, yoshlarning vaqtincha “hokim” vazifasini bajarishi ularga hayot maktabida toblanish uchun yaxshi imkoniyat bo‘lishi mumkin. Ular o‘z g‘oya va maqsadlarini amalga oshirishga harakat qilishi barobarida “yuqori”ning topshirig‘ini bajarishi, murojaat va shikoyatlarga javob berishi, hududdagi muammolarga yechim izlashi, xullas, ma’lum muddat o‘zini o‘sha hududning “ega”sidek tutishi kerak. Zimmalaridagi “yuk” juda zalvorli!
Adashmasam, o‘tgan yili Andijonda shunday “tajriba” qo‘llanilgan edi. Yaqinda esa Navoiy viloyati hokimi yoshlardan birini o‘z kreslosiga o‘tqazib ko‘rdi.
Demak, yoshlar boshqaruvni o‘rganishi, “kattalar” esa o‘rnini boshqalarga berishga ko‘nikishi kerak.
Gulchehra Berdiyorova,
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti axborot xizmati rahbari.