Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qo‘shrabotdagi yong‘oqzorda yeryong‘oq ham yetishtirilyapti

Qo‘shrabotliklar yeryong‘oq yetishtirganini eshitganmisiz? Bundan 3-4 yil avval ayni kuz chog‘ida changib, qaqrab yotadigan dashtda bugun yeryong‘oq parvarishlanayotgani sabab, katta hudud yashillikka burkangan. Bu yumushni olmaliqlik dehqonlar maslahati bilan mahalliy ishbilarmonlar uddaladi.

2017 yilda tumandagi “Oqtepa unumdor zamini” fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 247 gektar maydonning 114 gektarida yong‘oqzor barpo etilgan edi. Xo‘jalik a’zolari ko‘chatlar orasidagi yerni bo‘sh qoldirmasdan, kortoshka, sabzi, sholg‘om, pomidor, bodring, oshqovoq, qovun-tarvuz kabi mahsulotlar yetishtirib kelayotgan edi. Bu yil ular safiga yeryong‘oq ham qo‘shildi.

- Bolaligimdan dehqonchilik ishlari bilan shug‘ullanib kelaman, - deydi fermer Ulug‘bek Binoyev. – Ammo ko‘plab qishloq xo‘jalik mahsulotlarini tumanimizda yetishtirib bo‘lmaydi, deb yurardim. Qo‘shrabot yerlarida yeryong‘oq ham yetishtirsa bo‘lar ekan. Shu yil buni sinovdan o‘tkazish maqsadida 13 gektar maydonga yeryong‘oq urug‘ini qadadik. Har bir gektariga 120 kilodan yeryong‘oq ekkan bo‘lsak, 3 tonnadan hosil olishni rejalashtirganmiz. Toshkent viloyatining Olmaliq tumanidan kelgan dehqon oilasi bizga ko‘maklashmoqda. Ular bilan hamkorlikda agrotexnik tadbirlarni vaqtida bajarib kelyapmiz. Oktyabr oyida hosilni yig‘ishtirib olamiz.

Dilnoza HASANOVA,

Qo‘shrabot tumani.