Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Rasul Kusherbayev: Hukumat rahbari nomidan yolg‘on xabar tarqatish - bu jiddiy signal

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining matbuot xizmati internetdagi ayrim ijtimoiy tarmoqlarda mahallalardagi masjidlar soni, diniy libosda yuradigan, soqol qo‘ygan, missionerlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan hamda turli maqsadlarda chet elga ketgan fuqarolar sonini aniqlash bo‘yicha savodsizlarcha yozilgan xabar joylashtirilib, yig‘ilgan ma’lumotni ichki ishlar idoralari va mahalla jamg‘armasiga taqdim etish ko‘rsatib o‘tilgan xabar yuzasidan raddiya berilgan edi.

Ushbu holatga Oliy majlis deputati Rasul Kusherbayev o‘z munosabatini bildirdi.

“Vaziyat Bosh vazir nomidan foydalanib, yolg‘on ma’lumotlarni tarqatishdan ham tap tortmaydigan darajaga yetib boribdimi, demak axborot makonida mamlakat barqarorligiga putur yetkazish uchun kuchli taktik xuruj uyushtirishga urinayotgan niqobli guruhlar borligiga hech qanday shubha yo‘q. Hukumat rahbari nomidan a! Bu jiddiy signal.

Balki noto‘g‘ridir, biroq men axborot tarqatish bilan bog‘liq harakatlarni tartibga solishga qaratilgan har qanday qonun hujjatlarini o‘zgartirish masalasiga doimo og‘riqli masala sifatida qaraganman va ma’qullamaslik pozitsiyasida bo‘lganman. Chunki bu sohada odamlar o‘z o‘zini tartibga solishi kerak. Davlatning aralashuvisiz jamoatchilik o‘z munosabati bilan buni to‘la nazorat qilishga qodir, degan fikr shunday pozitsiyada bo‘lishga undagan. Biroq bugun vaziyat men o‘ylagandan ko‘ra ancha yomon ekanligini kuzata turib, sal adashganmikanman, deb o‘ylab qoldim. Afsus, vaziyat jimlik siyosatini yuritib, shunchaki kuzatib turishga yo‘l qo‘ymaydi.

Demak, bu sohada axborot xurujlariga qarshi keskin kurash choralarini ko‘rish, qonunchilikni takomillashtirish kechiktirib bo‘lmaydigan ishga aylanmoqda. Tan olish og‘ir. Biroq o‘zini o‘zi nazorat qilish instituti samarasiz turgan paytda mamlakat kelajagi uchun tashabbusni boshqa kuch olishga majbur bo‘ladi. Ungacha barcha foydalanuvchilarga internetdagi har qanday ma’lumot va xabarlarni kamida ikkita yoki ishonchli manbadan tekshirmaguncha ishonaverish kerakmasligini va tarqatishdan tiyilib turishni maslahat bergan bo‘lardim. Ayniqsa, shok xabarlarda”, - deb yozgan deputat.