Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarali iqtisodiyot: muammo, taklif va yechim

Yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni isloh qilish jarayoni boshlanganiga uch yil to‘ldi. Shu vaqt davomida iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirish, faol investitsion faoliyat, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi turmush darajasini yaxshilash va munosib hayot sharoitlarini yaratish, bandlikni ta’minlash bo‘yicha birmuncha ishlar amalga oshirildi.

Lekin iqtisodiy tahlillar keyingi yillarda hayotga tatbiq etilayotgan chora-tadbirlar, jumladan, investitsion faoliyat, ayrim yirik loyihalarning natijadorligi ko‘ngildagidek bo‘lmayotganligini, iqtisodiy faoliyat samaradorligi ta’minlamayotganini ko‘rsatmoqda. Natijada, inflyasiya sur’atlari yuqori darajada qolmoqda, aholini tadbirkorlikka jalb qilish va iqtisodiyot real sektori doirasini kengaytirish, iqtisodiy resurslarni, ayniqsa yer, suv va boshka tabiiy resurslardan oqilona foydalanish ishlari talab darajasida bajarilmayapti.

Buni raqamlar bilan izohlashga harakat qilib ko‘raylik.

Asosiy kapitalga jalb qilingan investitsiyalarning hajmi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra har yili kamida 30 foizga ko‘paymokda, YaIMning o‘sish sur’atlari esa 5-5,4 foizdan oshmayapti. Nega, bilasizmi? Chunki asosiy e’tibor iqtisodiy samaradorlikni ta’minlaydigan omillarga emas, bir-biriga bog‘lanmagan, tarqoq dasturlarga qaratilmoqda. Dunyoning ko‘pgina mamlakatlari YaIMni 1-2 foizga o‘stirib, ham davlat, ham aholi manfaatlarini to‘laqonli qondirayotganligi biz uchun ibrat bo‘lishi lozim. Qiyoslab aytadigan bo‘lsak, korxona rang-barang mahsulotlarni o‘zlashtirib, ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirishga e’tiborni kuchaytirsa-yu, mahsulot tannarxi va sifatini ijobiy tomonga o‘zgartirmasdan va uzoqni ko‘zlab faoliyat olib bormasa, raqobatga dosh berolmay, nochor ahvolga tushib qolishi mumkin.

Mamlakat uchun davlat byudjeti, bandlik va inflyasiya darajasi, korxonalar uchun foyda ko‘rsatkichi hal qiluvchi mavqega ega bo‘lishi lozim. Xo‘sh, nima uchun O‘zbekiston iqtisodiyotida vujudga kelgan holatni ushbu mezonlar nuqtai nazaridan qoniqarli, deb bo‘lmaydi? Buning asosiy sabablari nimada?

Bunga hozirgi kun amaliyotida yaqqol ko‘rinib turgan jarayonlar misolida javob beramiz. Iqtisodiyotni boshqarishda an’ana bo‘lib qolgan va salbiy natijalarning asosiy sababi bo‘lgan ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan yondashuvlarni tag-tomiri bilan sug‘urib tashlashning iloji bo‘lmayapti. Bunga agrar sohani boshqarish amaliyotini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Hech shubha yo‘q, qishloq xo‘jaligi sohasida bozor munosabatlari hukmronlik qilishiga erishilganda 2018 yilda 600 ming tonna paxta, umumiy holda esa qiymati 1 milliard dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining nisbatan kam yetishtirilishiga yo‘l qo‘yilmagan bo‘lar edi. Afsuski, bunday katta talofatning yuzaga kelish sabablari chuqur tahlil qilinmadi, samarali faoliyatni ta’minlaydigan kompleks chora-tadbirlar ham tuzilmadi. Aksincha, rasmiy statistik ma’lumotlarda yalpi qishloq xo‘jalik mahsuloti ko‘payishiga erishildi, degan xaspo‘shlangan raqamlar keltirildi. Shunga qaramasdan, yuqori sur’atlar bilan oshirilgan davlat xarid narxlari ta’sirida sohaning texnik ta’minoti masalasida tub o‘zgarishlar vujudga kelishi kerak edi. Ammo bunday bo‘lmadi.

Mamlakat iqtisodiyotining strategik yo‘nalishlari, lokomotiv rolini bajara oladigan sohalarning hammasi ham hozirgacha aniq belgilanmagan, marketingga tayanib chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda.  Aslini olganda, shunday vazifani to‘qimachilik sanoati bajarishi mumkin, deb hisoblashga ko‘pgina asoslar bor. Lekin joriy yilning birinchi yarmida ushbu soha korxonalari tomonidan 800 million dollardan kamroq mahsulot eksport qilingan, bu esa o‘tgan yil natijalariga nisbatan ham kamroq. Sohada bunday sekin sur’atlar bilan rivojlanish davom etaversa, "yo‘l xarita"si asosida maqsad qilib olingan 7 milliard dollarlik eksport marrasini kelasi avlod zimmasiga yuklashga majbur bo‘lamiz.

Tarmoqning kelajakda samarali faoliyat ko‘rsatishi tashqi omillarga emas, ko‘proq ichki omillarga bog‘liq. Ichki iste’molda esa yechimini kutayotgan muammolar talay. Masalan, "O‘zkimyosanoat" korxonalarining aksariyati 30-40 yildan beri texnik jihatdan qayta jihozlanmasdan faoliyat ko‘rsatmoqda. Foydalanilayotgan asbob-uskunalar ma’nan va jismonan eskirganligi tufayli ular energiyani xalqaro me’yorlarga nisbatan ancha ko‘p sarflaydi. Mamlakatimiz YaIMning energiya sig‘imi boshqa tashkiliy tuzilishi o‘xshash bo‘lgan mamlakatlardan 2-3 baravar yuqori ekanligining asosiy sababi ham shunda. Ma’danli o‘g‘itlarni eksport qilishdan oldin kimyo sanoati korxonalariga tabiiy gazni jahon bozori narxlarida yetkazib berishni yo‘lga qo‘ysak, tarmoq nimaga qodir ekanligi bilinadi. Hech shubha yo‘qki, deyarli tekin energiya resurslaridan foydalanib, shunda ham samarasiz ishlayotgan korxonalarning asosiy qismi bankrotga uchraydi. Mamlakatimizda esa tejalgan elektr energiyasi va tabiiy gazni boshqa raqobatbardosh sohalarga va aholi ta’minotini yaxshilashga yo‘naltirish imkoni vujudga keladi. Boshqacha aytganda, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini joylashtirish tizimi ilmiy asoslarga o‘tkazilsa va har tomonlama zararli kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish keskin kamaytirilsa, xalqimiz toza nafas oladigan bo‘ladi.

Yana bir holatga e’tibor qaratmoqchiman. Agar mamlakatning iqtisodiy rivojlanish strategiyasi va sohalarning tarkibiy tuzilishini aniqlash jarayoni oxirigacha yetkazilmagan bo‘lsa, xorijiy ekspertlar va mahalliy mutaxassislar investitsiya manbalari, jumladan, energetik ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish uchun lozim bo‘lgan mablag‘lar bashoratini nimaga asoslab hisoblayaptilar? Balki investitsiyalarning yuqori sur’atlar bilan o‘sib borishi va ushbu faoliyatning samaradorligi o‘rtasidagi nomutanosiblikning asosiy sababi hisob-kitoblardagi aniqlikning yo‘qligidadir. Bunaqada ko‘p o‘tmay, marketing tadqiqotlariga asoslanmagan va ortiqcha ishga tushirilgan korxonalar ishlab chiqarish quvvatlarini o‘zlashtira boshlaydi. Oqibatda bir-biriga muammo tug‘dirib, bora-bora bankrotlikka uchraydi. Ularga jalb qilingan tashqi qarzlar esa kelajak avlodning bo‘yniga tushadi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, markaziy boshqaruv organlari tomonidan mamlakatimiz aholisini ertangi kunga ishonch bilan qarashiga qaratilgan maqsadli qarorlar qabul qilish payti keldi. Buning uchun investitsion faoliyat samaradorligini ifodalaydigan va tashqi qarz o‘sishini oldini olishga xizmat qiladigan chora-tadbirlarni qaytadan ko‘rib chiqish, marketing tadqiqotlari yordamida iqtisodiyotning tarkibiy tuzilishini raqobatbardoshlik nuqtai nazaridan takomillashtirish, inflyasiyaning yuqori sur’atlari iqtisodiy faoliyatning kasalligidan dalolat beradigan signal ekanligini tan olish va uni statistik raqamlar o‘yini yo‘li bilan emas, balki amalda jilovlashga erishish zarur. Shuningdek, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq kompleks dasturlar ishlab chiqish va kundalik amaliyotga dasturul-amal sifatida tatbiq etish lozim. Mamlakatimizda kundan-kunga murakkablashib borayotgan demografik holat, atrofimizdagi xalqaro munosabatlarda vujudga kelayotgan keskinlik eskicha yondashuvlardan iloji boricha tezroq voz kechishni taqozo etmokda. Aynan shunday munosabat O‘zbekiston ravnaqi yo‘lidagi yagona to‘g‘ri yo‘nalish, degan xulosani keltirib chiqaradi.

Ilhom VAFOYEV,

iqtisodchi.