Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand davlat universitetida “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi muhokama etildi

Joriy yilning 29 fevral kuni Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi muhokama qilindi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar ishtirok etdi.

- Bugun hukumatimiz tomonidan ta’lim tizimiga katta e’tibor berilmoqda, - dedi universitet rektori, senator Rustam Xolmurodov. – Shuningdek, ta’lim sohasiga qo‘yilayotgan talab ham yuqori. “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi muhokamaga tashlanayotgan ekan, biz o‘z tajribamizdan kelib chiqib, taklif va mulohazalarimizni beramiz. Hali ta’lim tizimida o‘z yechimini kutayotgan kamchilik va muammolar yo‘q emas. 

Tadbirda Parlament quyi palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport qo‘mitasi raisi Erkin Zohidov va qo‘mita a’zosi Muxtor Ibragimovlar ushbu qonun loyihasi yuzasidan taqdimot namoyish etdi. Avvalo, qonunning qadr-qimmati, xalqimiz manfaatiga xizmat qilishiga e’tibor qaratildi. Amaldagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun bilan yangi tahrirdagi qonunning tafovutlari, tuzilishi, qonun loyihasiga qo‘shimcha kiritilgan asosiy moddalar va yangiliklar to‘g‘risida ishtirokchilarga ma’lumot berildi.

Tadbirda ayrim kamchiliklar o‘rtaga tashlanib, muhokama etildi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar, talabalar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislardan yetarlicha javob olindi.

SamDU matbuot xizmati.