Samarqand maktablarida Xalqaro baholash dasturlariga qanday tayyorgarlik ko‘rilyapti?

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi hamda Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi hamkorligida “Ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rishda tayanch maktablarning o‘rni” mavzusida respublika o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.

Samarqand shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida o‘tkazilgan seminarda tayanch maktablar direktorlari, maktablarning aniq va tabiiy fanlar o‘qituvchilari, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi metodistlari ishtirok etdi.

Seminarning yalpi majlisida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Boboxolov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Jo‘rabek Eshmurodov so‘zga chiqib, xalq ta’limi sohasi oldida turgan muhim sinovlardan biri — Xalqaro baholash dasturlariga munosib tayyorgarlik ko‘rish, bu borada fan o‘qituvchilarining malaka va tajribasini oshirish, tayanch maktablar hamda ularga biriktirilgan ta’lim muassasalarining hamkorligini yanada mustahkamlash tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganligiga alohida to‘xtaldi. Ayni paytda tayanch maktablar amalga oshiradigan vazifalarning ko‘lami ortib, trener-o‘qituvchilarning mas’uliyatini oshirish, metodik kunlardan unumli foydalanib, pedagoglarning kasbiy mahoratini yuksaltirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirishdi.

O‘quv-seminarda Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi direktori Himmatilla Daminov ZOOM platformasi orqali seminar ishini kuzatib bordi. H.Daminov ushbu yo‘nalishdagi muhim vazifalar hamda muammolar, shuningdek, Milliy markaz faoliyatiga alohida to‘xtalib, o‘qituvchi va metodistlarga o‘z tavsiyalarini berdi.

Fizika va matematika fanlari doktori Ermamat Sattorov “PISA tadqiqotlarida matematik savodxonlik”, viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazining aniq va tabiiy fanlar metodikasi kafedrasi o‘qituvchisi Aziza Qudratova “Ta’lim jarayonini “Katta kashfiyotlar kichik tadqiqotlardan boshlanadi” g‘oyasi asosida olib borilishining zaruriy mezoni” mavzusida tinglovchilarga ma’lumot berdi.

O‘quv-seminar uchta - o‘qish savodxonligi, boshlang‘ich sinflarda matnni o‘qib tushunish savodxonligi (PRLS, TIMSS) hamda aniq va tabiiy fanlar savodxonligi sho‘’balariga bo‘lingan holda davom etdi. Unda trener-o‘qituvchilar viloyat bo‘yicha umumta’lim maktablarining fan o‘qituvchilari uchun mahorat darslarini o‘tishdi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.