Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda 100 mingdan ziyod abonent EHNATga ulandi. Kelgusi yil oxirigacha boshqalar ham ulanishi shart

Prezidentimizning 2017 yil 13 noyabrdagi "Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, aholi hamda ulgurji iste’molchilarning elektr energiya iste’molini nazorat qilish, hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilmoqda.

Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasidan ma’lum qilinishicha, bugungi kunda 100 ming 154 abonent elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) avtomatik tartibida ulangan.

Yuqorida qayd qilingan farmonda 2020 yilning oxirigacha abonentlarning barchasini EHNAT bilan qamrab olishni ta’minlash nazarda tutilgan. Shu bois ayni paytda Majburiy ijro byurosi, elektr ta’minoti korxonasi, ichki ishlar bo‘limi hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillaridan iborat ishchi guruhi iste’molchilarni xatlovdan o‘tkazmoqda.

Qayd qilinishicha, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini hisobga olishning zamonaviy uskunalari iste’molchilarga "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ hisobidan bepul o‘rnatib berilmoqda. Bunda bir abonentga o‘rtacha 770 ming so‘m sarflanayotgani inobatga olinsa, har bir iste’molchining shuncha mablag‘ iqtisod qilayotgani anglashiladi. Shuningdek, plastikli hisoblagichi mavjud iste’molchilarning plastik kartasida qolgan pul mablag‘i yangi hisoblagich uchun ochilgan hisob raqamiga tushirib berilmoqda.

Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimga ulanganlar soni ortishi natijasida elektr energiyasi uchun to‘lovlarning umumiy miqdori ham oshgan. Xususan, Samarqand shahrida 2018 yilning 8 oyida 144 milliard 782 million so‘m to‘lovlar amalga oshirilgan. To‘lovlarning 46 milliard 597 million so‘mi aholi, 98 milliard 185 million so‘mi ulgurji iste’molchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Joriy yilning 8 oyida esa elektr energiyasi uchun 204 milliard 164 million so‘m to‘lovlar amalga oshirilgan. Shundan 62 milliard 150 million so‘mi aholidan, 142 milliard 14 million so‘mi ulgurji iste’molchilardan undirilgan.

 Kyelgusi yil oxirigacha hamma ulanishi shart. Nyega?

Davlatimiz rahbarining qarori bilan tegishli mutasaddi tashkilotlarga 2020 yilning oxirigacha yangi hisoblagichlarni o‘rnatish ishlarini tugatish vazifasi topshirilgan.

- Aslida amaldagi tartib bo‘yicha elektr energiyasi uchun hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan hisob-kitob qilish uchun iste’molchilar majburiy tartibda EHNATga mos keladigan elektron hisobga olish asboblari bilan, 750 kVA va undan yuqori quvvatga ulangan iste’molchilar esa EHNATga mos keladigan ko‘p funksiyali (ko‘p tarifli) elektron hisobga olish asboblari bilan ta’minlangan bo‘lishlari kerak, - deydi "Hududiy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati bo‘lim boshlig‘i Valijon Qilichev. - Shundan kelib chiqib olib borilgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari natijasida ayni vaqtgacha viloyatdagi mavjud 800 mingdan ziyod abonentning 275 mingdan ortig‘i zamonaviy hisoblagichlar bilan ta’minlangan.

Qayd etish lozimki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan EHNATga mos keladigan hisobga olish asboblari bo‘lmaganda, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari iste’molchilar va subiste’molchilarni elektr tarmoqlariga ulash taqiqlanadi.

 Yangi tizimning afzalligi nima?

Joriy etilayotgan yangi tizim bir qator afzalliklarga ega. Xususan, hisoblagich o‘rnatilgach, EHNATga ulanadi, kod kiritilib, hisob-raqam ochiladi. Iste’molchilarga SMS xabar orqali barcha ma’lumotlar avtomatik tarzda yetkazib turiladi. Mobil telefon raqamiga ulanishi to‘lovni uydan chiqmay "on-line" rejimida amalga oshirish imkonini beradi. Eng muhimi, "shaxsiy kabinet" orqali har bir iste’molchi qancha elektr energiyasi sarflaganini kuzatib turish imkoniga ega bo‘ladi.

Shu bois endi iste’molchi elektr ta’minoti korxonasi yoki bankda navbat kutmaydi. Yangi tizimga ulangach, iste’molchi elektr hisoblagich ko‘rsatkichini suratga olib, nimanidir isbotlashiga hojat qolmaydi.

Yangi tizimda hisoblagichdagi ma’lumotlarni kompyuter nazorat qiladi. Elektr ta’minoti korxonasi xodimlari uyma-uy yurishga ketadigan vaqtini iste’molchilarda yuzaga keladigan texnik buzilish, qisqa tutashuv va boshqa holatlarni bartaraf etishga sarflaydi.

Yangi "aqlli" hisoblagichning yana bir xususiyati shundaki, ma’lumotlarni soxtalashtirishga urinish, ya’ni hisoblagichga ta’sir o‘tkazish holatlari yuzaga kelsa darhol o‘chadi va tizimga xabar jo‘natadi. Iste’molchi elektr energiyasi to‘lovini to‘lamagan taqdirda masofadan o‘chish xususiyatiga ega.

Dilmurod TO‘XTAYeV.