Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda alkogol mahsuloti reklamasi banneri olib tashlandi

Ushbu reklama vositasida qonunga zid tarzda “Baltika-9” pivo mahsuloti reklamasi joylashtirilgan bo‘lgan.

Qonunbuzarlikni bartaraf etish uchun Samarqand shahar prokuraturasi 2019 yil 13 dekabrda Samarqand shahar Tokzor mahallasida yashovchi fuqaroning arizasini belgilangan tartibda o‘rganib chiqish yuzasidan yuborgan xati asos bo‘lgan.

Negaki, murojaatda viloyat hududidagi ayrim savdo shoxobchalarining tashqarisida “Baltika-9” pivo mahsuloti reklamasi joylashtirilganligi bayon qilingan.

Monopoliyaga qarshi kurashish hududiy boshqarmasi tomonidan Samarqand shahrida o‘tkazilgan kuzatuv jarayonida Samarqand shahri, Rudakiy ko‘chasi, 90-uyda faoliyat olib borayotgan “Saodat LTD” korxonasi tomonidan savdo do‘konining ichki qismi oynasiga 3x6 o‘lchamdagi alkogol mahsuloti banneri yopishtirib qo‘yilganligi aniqlangan.

 “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining 23-moddasi talablariga ko‘ra, savdo ob’yektlarining old tomonida, kirish (transportda kirish) joylarida, vitrinalarida, tashqariga olib chiqiladigan predmetlarida hamda boshqa joylarida tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarning tasvirlari, nomlari va ular haqidagi boshqa axborotni o‘rnatish ta’qiqlangan.

“Saodat LTD” korxonasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning ushbu moddasi talablari buzilgan holda tashqi reklama o‘rnatilgan.

Hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan “Saodat LTD” korxonasiga qonunbuzarlik holatini tugatish to‘g‘risida ko‘rsatma berilib, savdo do‘konining ichki qismi oynasiga o‘rnatilgan alkogol mahsuloti reklama banneri olib tashlangan.