Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi

Viloyat adliya boshqarmasida Prezidentimizning 2018 yil 9 yanvardagi «Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta’minlash, «Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi» mazmun-mohiyati va ahamiyatini targ‘ib etishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Davlat organlari va tashkilotlarning yuridik xizmat xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i A.Xalilov, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari H.Xo‘jamqulov aholining ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un holda huquqiy bilimlarini oshirib borishning zamonaviy usullari, yoshlarni zararli axborotlardan himoya qilishning huquqiy immunitetlari xususida tushunchalar berishdi.

- Har bir yuridik xizmat xodimi mazkur farmon hamda konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»da belgilangan vazifalar va ularning ijrosi bo‘yicha joylarda targ‘ibot tadbirlarini uyushtirishi lozim, - deydi A.Xalilov. – Huquqiy savodxonlikni oshirishda «Shaxs-oila-mahalla-ta’lim muassasasi-tashkilot-jamiyat» tamoyili bo‘yicha ishlar tizimli olib borilsa, odamlarda huquqiy madaniyat shakllanadi. Muhimi, ularda vatanparvarlik hissi kuchayadi, jamiyatdagi turli huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabati uyg‘onadi.

Seminar yakunida tinglovchilar farmon hamda konsepsiyaga muvofiq joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha ishchi guruhi tarkibi va «Yo‘l xaritasi»ni tasdiqlashdi.

Sirojiddin QUVVATOV.