Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda million so‘mlikdan ziyod pirotexnika vositalari aniqlandi

Barchamiz orziqib kutgan yangi yil bayrami ham yaqinlashib kelmoqda. Afsuski, barchamizga zavqu-shavq ulashadigan ushbu bayram bahona noqonuniy yo‘llar bilan mo‘may daromad qilishni maqsad qilgan uddaburonlar uchramoqda. Ammo ularning “niyat”larini bojxonachilar puchga chiqarishayotir.

Pirotexnika vositalarini ko‘cha-ko‘yda pullash bilan bog‘liq noqonuniy holatlarning oldini olish maqsadida viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari Samarqand shahridagi Gagarin ko‘chasida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tadbir davomida fuqaro S.P.ning qo‘lidagi sellofan paket xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida qiymati 1,250 ming so‘mlik, jami 3000 dona Qirg‘iziston Respublikasida ishlab chiqarilgan “Britanik” yozuvli pirotexnika vositalari borligi aniqlandi hamda daliliy ashyo sifatida olindi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan dastlabki bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.

Ta’kidlash joizki, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, mamlakatimizga olib kirish, tashish, saqlash va sotish taqiqlangan. Bunday harakatlar uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185(1)-moddasi hamda Jinoyat kodeksining 250(1)-moddasida tegishli javobgarlik va jazo choralari belgilangan.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.