Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda «Samarkand Half Marathon» xayriya marafoni doirasidagi tadbirlar boshlandi

Ayni paytda Registon maydonida joriy yilning 1-3 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish fondi tashabbusi bilan Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Samarkand Half Marathon – ilk xalqaro xayriya marafoniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.

Loyihadan ko‘zlangan maqsad madaniyat va san’at ob’yektlaridagi inklyuzivlik masalalariga jamoatchilik e’tiborini qaratish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, mamlakatda sport turizmini rivojlantirishga qaratilgan.

Marafonda tajribali va havaskor yuguruvchilar ishtirok etishi, 21, 10 va 2 kilometr masofaga yugurib kuch sinashishi mumkin.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, yugurish xayriya marafoni keng ko‘lamdagi madaniy dastur va esda qolarli tadbirlarga boy bo‘ladi. Xususan, inklyuziv mavzularga bag‘ishlangan ta’lim tadbirlari, bolalar va kattalar uchun ma’ruzalar hamda mahorat darslari, sport haqida hujjatli filmlar namoyishi, mahalliy hamda Finlyandiya, Germaniya, Turkiya va Rossiyadan tashrif buyurgan san’atkorlar ishtirokida konsert dasturlari tashkil etiladi.

Marafondan tushgan barcha mablag‘lar Toshkent shahridagi teatrlardan birida tiflosharhlar yordamida sahna asarlari namoyish etiladigan tajriba loyihasi amalga oshirilishiga yo‘naltiriladi. Bu zaif ko‘ruvchi va ko‘zi ojiz tomoshabinlarga sahna asari haqida to‘liq tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Shuningdek, matbuot anjumanida Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan inklyuziv muammolarga bag‘ishlangan tadqiqotlar olib borilayotgani ta’kidlandi. Tadqiqot natijalari yarim marafonning ta’limiy dasturi doirasida ma’lum qilinadi.

To‘lqin SIDDIQOV.