Samarqandda Shaharsozlik kengashi quruvchi tadbirkorlar loyihalarini muhokama qildi

Samarqand viloyat qurilish boshqarmasida Samarqand shahrida qurilgan va qurilayotgan binolar loyihalarining shaharsozlik kodeksi hamda YuNESKOning Butunjahon merosiga kiritilgan shaharlar talablariga javob beradigan tarzda amalga oshirilishini ta’minlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda shaharsozlik kengashi a’zolari - viloyat va shahar hokimligining qurilish, arxitektura ishlari bo‘yicha rahbar va mutaxassislari, Toshkent va Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutlari professor-o‘qituvchilari, Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniy meros departamenti viloyat boshqarmasi mutaxassislari ishtirok etdi. Mutaxassislar shahar hududida qurilayotgan 141 ta bino, ko‘p qavatli inshootlar, turarjoy va noturarjoy binolari va boshqa xususiy mulk ob’yektlarini shaharsozlik me’yor va qoidalariga mos, tashqi ko‘rinish va qurilish-montaj ishlarining sifatli amalga oshirilgan holda bunyod etish bo‘yicha maslahat berdi. Ayrim loyihalar kengash a’zolari tomonidan keng muhokama qilindi.

- Samarqand shahridagi barcha qurilish ob’yektlari bosh reja asosida qurilmoqda, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari A.Shukurov. – Ya’ni, bugungi kunda shahar o‘zining tarixiy jozibasini saqlagan holda yangilanib, ko‘rkam qiyofaga ega bo‘lishi lozim. Endi har bir turar joy, ijtimoiy ob’yekt, mehmonxona, maishiy va savdo xizmati inshooti milliy me’morchilik an’analari va zamonaviy shaharsozlik talablari asosida barpo etilishi zarur. Biroq keyingi paytlarda ko‘p qavatli uylar, mehmonxonalarni bunyod etishda mavjud talablarga rioya etmasdan qurilish ishlarini amalga oshirish holatlari kuzatildi. Yoki qurilayotgan bino uchun loyiha-smeta hujjatlari nihoyasiga yetkazilmasdan yoki ekspertiza xulosasini olmasdan ishga kirishilgani aniqlandi. Bugun muhokama etilayotgan 141 ta ob’yekt orasida ana shunday noqonuniy holda qurilganlari ham bor.

Muhokama davomida arxitekturaviy xulosa olmagan yoki shaharsozlik kodeksi talablariga javob bermaydigan binolarning qo‘shimcha qavatlari va mansarini buzish, ekspertiza xulosalarini olish, viloyat qurilish sohasida nazorati inspeksisiyadan ruxsatnoma berilgunga qadar qurilishni to‘xtatishga ko‘rsatma berildi.

Akram BO‘RIYEV.