Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi 10-mehribonlik uyi faoliyati tugatildi - o‘rnida matematika va fizika fanlariga ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishning muqobil shakllarini tanlash, oila institutini mustahkamlash hamda ijtimoiy yetimlikning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 824-sonli qarori bilan tasdiqlangan Mehribonlik uylarini noinstitutsionallashtirish dasturiga muvofiq hamda internat tipidagi muassasalarda tarbiyalangan bolalarni jamiyatga ijtimoiy moslashuvida ko‘plab muammolar mavjudligini inobatga olib, viloyatimizdagi 1- va 10-mehribonlik uylari maqbullashtirildi.

Bugunga qadar 1- va 10-mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan 229 nafar bolalarning atigi 18 nafari chin yetim bo‘lib, 72 nafari yarim yetim, 53 nafari ota-onalik huquqidan mahrum etilganlarning, 72 nafari kam ta’minlangan oilalarning, 4 nafari nogironlarning, 10 nafari ozodlikdan mahrum etilganlarning farzandlari tashkil etgan.

Ushbu tarbiyalanuvchilarning oilaviy holatini yaxshilash, kunlik daromad manbai bilan ta’minlash borasida olib borilgan ishlar natijasida 10-mehribonlik uyidagi 113 nafar boladan 40 nafari oilasiga, 12 nafari “SOS” bolalar mahallasiga, 61 nafari 1-mehribonlik uyiga ko‘chirildi.

1-mehribonlik uyidagi 116 nafar bolalarning 4 nafari farzandlikka, 2 nafari vasiylikka, 49 nafari oilalariga qaytarildi.

Viloyat hokimining 2020 yil 29 iyuldagi 108-Q-sonli qarori bilan 10-mehribonlik uyi tugatildi. Hozirgi kunda uning o‘rnida Mirzo Ulug‘bek nomidagi matematika va fizika fanlariga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini ochish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Bu haqda viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov xalq deputatlari viloyat Kengashining VI chaqiriq XV sessiyasida ma’lum qildi.