Samarqanddagi Mehribonlik uyida me’yordan ortiq bola tarbiyalanayotgani ma’lum bo‘ldi
Muassasada 4 kishilik xonaga 10 kishi uchun joy qilingan.
Xalq ta’limi vazirligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova Samarqanddagi Mehribonlik uylaridan birida belgilangan me’yordan ortiq bola tarbiyalanayotganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va yetim bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularga tegishli shart-sharoitlar yaratishga doir normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh majlisi o‘tkazilgan.
Unda, xususan, ishchi guruh vakili Aliya Yunusova Samarqanddagi Mehribonlik uylaridan birida sig‘imdan ortiq bola tarbiyalanayotganini, to‘rt kishilik joyga o‘n kishi uchun joy qilinganini qayd etdi.
«Samarqandda bir bolalar uyiga borganimizda sizlarda nechta bola bor, deganimizda 184 ta deyishdi. Sig‘im qancha desak, 140 ta dedi. Qanaqasiga, shuncha bolaga mablag‘ qayerdan olyapsiz, degan savolni berdim. Ikkinchi savol: qanday sig‘diryapsizlar ortiqcha bolalarni, deganimizda to‘rt kishilik joyga o‘n kishi uchun joy qilinganini aytishdi», deya ta’kidladi Aliya Yunusova.
Bundan tashqari, ishchi guruh a’zosi, Moliya vazirligi xodimi Farrux Zokirov shu kungacha hokimliklardan vazirlikka Mehribonlik uylaridan chiqqan tarbiyalanuvchilar uy uchun pul so‘rab, birorta ariza tushmaganini aytdi.
«Sababi hokimliklar balansida bo‘sh uylar juda ham ko‘p. Toshkent shahrining o‘zini olsak, buni o‘rganib ko‘rganmiz, shahar hokimligi balansida turgan bo‘sh uylar bilan ko‘chada uysiz yurgan yetim bolalarning nisbati o‘nga birni tashkil etadi», deya ma’lum qildi u.