«Cizning qizingiz bormi?»

Ilk marta muassasaga borganimda ko‘zlari ko‘m-ko‘k, sochlari jingalak qizchaning bergan bu savoliga javob topolmay kalovlanib qoldim. Balki u “Qizingiz bo‘lmasa, meni qiz qilib oling”, deyish uchun bergandir bu savolni...

Keyinchalik bir necha marta ushbu muassasaga bordim. Lekin har gal o‘shanda savolga javob berolmaganim uchun  qizchaning ko‘zlariga qarashga botinolmayman.

Samarqand shahridagi 10-sonli mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan 113 nafar  mehrga tashna bolajonlarni har birining mana shunday savoli ko‘p.  

Atrofi yam-yashil daraxtlar, gullar bilan o‘ralgan yo‘lak bo‘ylab manzilga yaqinlashar ekansiz bu manzara dilingizga zavq bag‘ishlaydi. Lekin muassasadagi bolajonlarning ko‘zlaridagi mung, mehrga tashnalik, o‘zgacha nigohlar qalbingizni titratadi. Bu yerdagi bolalar har bir kelayotgan insonni o‘zgacha qarshi oladi. Balki bu nigoh otam-onam meni ko‘rgani, olib ketgani keldimikan, degan o‘y-xayol band etgani boisdir.

- Bu yerdagi har bir bola bir dunyo. Ularning olam-olam orzulari bor, - deydi  muassasa rahbari Nigora Rabbimova. - Biz  bolalarning ichki kechinmalari, his-tuyg‘ularini yaqindan bilishga, ularning hayotga bo‘lgan qiziqishini, yashirin orzu-istaklarini amalga oshirishga harakat qilamiz. Tarbiyachilar zimmasida ham katta mas’uliyat bor. Birinchi navbatda har bir bola bilan xulq-atvori nuqtai-nazaridan muomalada bo‘lish, ularda atrofdagi insonlarga, jamiyatga nisbatan sof tuyg‘ularni shakllantirish, qalblarini mehr-muhabbatga to‘ldirishga ko‘proq e’tibor qaratamiz. To‘g‘ri, muassasamizda bolajonlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Ularning ta’lim-tarbiya olishlari, kelajakda o‘z yo‘llarini topishlari uchun barcha imkoniyat mavjud. Biz uchun muhimi esa bolalarni bu yerdan ketgach, munosib hayot yo‘lini tanlashi. Ularni asta-sekin tashqi muhitga, mustaqil yashashga tayyorlab boramiz.

140  o‘rinli shinamgina yotoqxona, ko‘rgazmalar zal, muzey, «Harbiy vatanparvarlik» xonasi, 30 o‘rinli o‘quv zali, kutubxona, sport zali, futbol maydoni va kichik sport maydonchasi bolalar ixtiyorida.  Muassasada tarbiyalanuvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Direktor o‘rinbosari Oyshirin Shodiyevaning aytishicha, bolajonlar qiziqishlariga qarab to‘garaklarga jalb qilingan.

Muassasadagi pedagog-xodimlarning barchasi bolajonlar haqida gap ketganda o‘zgacha mehr va samimiylik bilan so‘zlaydi. Har bir bolaning dunyoqarashi, xulq-atvori va qiziqishlari haqida soatlab gapirishdan, ularning o‘ksik qalblariga mehr berishdan charchamaydi.

Hilola Ergasheva.