Samarqandda 26 nafar mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uyli bo‘ldi
Mamlakatimizda aholining uy-joyga muhtoj qatlamini davlat tomonidan va imtiyozli shartlarda turar-joy bilan ta’minlash masalasiga keyingi yillarda alohida e’tibor qaratilmoqda. Shahar va qishloqlarda aholining ehtiyomand qatlami uchun arzon uy-joylar qurilayotgani, imtiyozli kredit, shuningdek, subsidiya asosida berilayotgani, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar uchun uylarning boshlang‘ich badali to‘langan holda ajratilayotgani ana shu e’tibor samarasidir.
Shuningdek, Mehribonlik uylarida tarbiyalangan va mustaqil hayotga qadam qo‘ygan chin yetimlar ham davlat tomonidan uy-joy bilan ta’minlanib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun shart-sharoit yaratilmoqda.
Bugun viloyatimizning tuman va shaharlarida ana shunday yoshlarning 26 nafariga yangi uy-joylar jihozlangan holda tantanali topshirildi.
Jumladan, Mehribonlik uylarida tarbiyalangan 10 nafar yigit-qizlar Jomboy tumanidagi ko‘p qavatli uyda o‘z xonadoniga ega bo‘ldi. Yangi uylarni o‘z egalariga topshirish marosimida viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etib, yoshlarni tabrikladi. Ular doimo davlatimizning e’tiborida ekanligini ta’kidladi.
– Bu yil viloyatimiz bo‘yicha 59 nafar chin yetimlarni uy-joy bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan edi, – dedi E.Turdimov. – Ammo, keyingi o‘rganishlarda viloyatimizda bunday yoshlar 84 nafar ekanligi ma’lum bo‘ldi va bugun ularning 26 nafariga viloyat hokimligi va saxovatpesha tadbikorlarimiz tomonidan 6 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, yangi uylarni topshiryapmiz. Shu yilning 1 oktyabriga qadar qolgan 58 nafar yigit-qizlar ham o‘z uyiga ega bo‘ladi.
Viloyat hokimi va jamoatchilik vakillari yangi uylarning birinchi mehmonlari bo‘ldi. Xonadon egalariga ezgu tilaklar bildirildi.
O‘g‘iloy Tog‘ayeva Toshkent shahridagi mehribonlik uyida tarbiyalangan. Maktabni bitirganidan keyin Samarqand davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kirdi. Ayni paytda institutni bitirayotgan O‘g‘iloy Jizzax viloyatining Baxmal tumanida umumiy amaliyot shifokori sifatida ham ishlamoqda.
– Bugun mening bir umrlik orzularimdan yana biri ushaldi – deydi O‘g‘iloy Tog‘ayeva. – Jomboy tumanida o‘z uyimga ega bo‘ldi. Endi mutasaddilar ishimni ham shu yerga ko‘chirib berishlarini aytishdi. Bor bilim va salohiyatimni ishga solib, xalqimiz salomatligini asrash uchun xizmat qilaman.
Samarqand shahridagi 11-Mehribonlik uyini bitirgan Firdavs Murodov ayni payta Mehnat mahalla fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari vazifasida ishlasa-da 9 yildan buyon ijara uyda yashardi. Bugun unga shaharning Geofiziklar mahallasida yangi qurilgan uylardan xonadon topshirildi.
– Judayam baxtiyorman, quvonchim ichimga sig‘mayapti – deydi Firdavs Murodov. – O‘z uying bo‘lishi qanday baxt. Bugun menga viloyat hokimligi ana shunday baxtning tuhfa qildi. Bunga javoban albatta Vatanimga munosib farzand bo‘lib, uning taraqqiyotiga hissa qo‘shaman.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda Samarqand viloyatida Mehribonlik uylarida tarbiyalangan yoshlarning 20 nafariga yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan xonadonlar ajratilib, jami 2 milliard so‘m boshlang‘ich to‘lovi to‘lab berilgan. Shuningdek, yigit-qizlarning bandligi ta’minlangan. Yana 12 nafar yoshlar esa hokimlik tomonidan 1 va 2 xonali uylar bilan ta’minlangan.
Ko‘rinib turibdiki, joriy yilda ushbu xayrli ishlarning ko‘lami va qamrovi ancha kengaygan. 84 nafar chin yetimlardan tashqari, Mehribonlik uyida tarbiyalangan, ammo o‘z uy-joyiga ega yoshlarning xonadonlari hokimlik va homiylar ko‘magida ta’mirlab berilmoqda.