Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandlik yo‘lovchining Qoraqalpog‘istondagi sirli o‘limiga Bosh prokuratura aniqlik qiritdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Haydovchi Qoraqalpoqda DAN xodimlari bilan janjaldan so‘ng sirli tarzda olamdan o‘tdi…” sarlavhali maqola yuzasidan Bosh prokuratura bayonot berdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan 2019 yil 12 noyabrda A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynou” yo‘nalishida N.Holiqovning murdasi topilganligi holati yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Aniqlanishicha, 2019 yil 12 noyabr kuni taxminan soat 22:00 larda Qo‘ng‘irot tumanidagi bojxona postida fuqaro S.Urinov boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli avtomashina Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV YHXB 3-safarbarlik guruhi inspektorlari tomonidan to‘xtatilib, yo‘l harakati xavfsizligi qoidasi buzilganligi holati yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirilishi haqida aytilganida, avtomashina yo‘lovchisi O.Xusanov inspektorlarni haqorat qilgan.

O.Xusanov inspektorlar bilan janjallashgan vaqtida avtomashina yo‘lovchisi - Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi N.Holiqov ushbu holatni telefonining video kamerasiga olish jarayonida YHXB inspektorlari undan videoga olmasligini so‘ragan. Shunda N.Holiqov YHXB inspektorlari  telefonini olib qo‘ymasliklari uchun avtomashinadan tushib qochib ketgan.

Biroz vaqt o‘tganidan so‘ng A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynou” asfalt yo‘lining 874-875 kilometrida (tadbir o‘tkazilayotgan joydan 450 metr uzoqlikda) N.Holiqovning murdasi topilgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhum N.Holiqovning o‘limi yurak qon tomir yetishmovchiligi oqibatida kelib chiqqanligi sabab bo‘lgan.

Hozirgi kunda ushbu holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Holat bo‘yicha YHXB xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.